Bloomberg: Prigojin «Vagner»ning Ukrainadagi faoliyatini qisqartirmoqchi
So‘nggi vaqtlarda «Vagner»ga qamoqxonalardan mahbuslarni yollash taqiqlangan, o‘q-dori yetkazib berish cheklangan.
«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin o‘z «xususiy armiyasi»ning Ukrainadagi faoliyatini qisqartirib, yana asosiy e’tiborini Afrikaga qaratmoqchi. Bu haqda Bloomberg «bu masaladan yaxshi xabardor bo‘lgan» manbalariga tayanib xabar qilmoqda.
Bloomberg nashrining yozishicha, Rossiyadagi kuch ishlatar tuzilmalar va siyosiy isteblishment Prigojinni «o‘sib kelayotgan tahdid» sifatida ko‘rmoqda. Ukrainadagi urush uchun mahbuslarni yollash «taqiqlangach», u endi shaxsiy tarkib va o‘q-dori yetishmovchiligi muammosi bilan «kurashmoqda», deya qayd etadi gazeta.
Nashrning Kreml va maxsus xizmatlarga yaqin bo‘lgan manbalari aytishicha, «Vagner» XHK Baxmutni bir necha oy davom etgan janglardan keyin baribir qo‘lga kirita olmagani tufayli, qo‘mondonlik Rossiya prezidenti Vladimir Putinda «vagnerchilar»ning «maqtalgan harbiy qudrati» borasida «shubha uyg‘otish»ga muvaffaq bo‘lgan. Bloomberg suhbatdoshlariga ko‘ra, yakunda qamoqxonalardagi mahbuslarni yollash imkoniyati RF mudofaa vazirligiga o‘tkazilgan. Ular shuningdek Prigojinning mustaqilligi Kremlni «bezovta qilgani»ni qayd etishgan.
Shu bilan birga, Bloomberg ning yozishicha, hozircha «Vagner» XHK yollanma jangchilari Afrikaga o‘tkazilayotgani belgilari ko‘zga tashlanmayapti. Ammo jurnalistlar hafta boshida xususiy harbiy kompaniyaga ishga qabul qilish bo‘yicha joylashtirilgan e’longa e’tibor qaratishgan, unda da’vogar yarim yilga Ukrainaga va 9-14 oyga — Afrikaga ketishga taklif etiladi. Maqolada bunday vakansiya aynan qayerda e’lon qilinganiga aniqlik kiritilmagan.
Prigojinning o‘zi Bloomberg maqolasiga quyidagicha munosabat bildirgan: «Men Bloomberg nima xabar qilganini bilmayman, ammo, aftidan, ular biz kelajakda nima qilishimizni mendan ko‘ra yaxshiroq bilishadi. Toki biz o‘z vatanimizga kerak ekanmiz, biz Ukraina hududida jang qilamiz».
- 20 mart kuni Prigojinning matbuot xizmati uning Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguga maktubini e’lon qilgandi. Unda u «vagnerchilar» Baxmutning 70 foiz hududini nazorat qilayotgani va yurish qilishda davom etayotganini yozadi. U «mavjud ma’lumotlar»ga ko‘ra mart oyi oxirida — aprel oyi boshida ukrainlar armiyasi keng ko‘lamli yurish boshlash va xususiy harbiy kompaniya otryadlarini Rossiya qo‘shinlarining asosiy guruhidan uzib qo‘yish maqsadida qanotlardan zarbalar berishi haqida aytgan. «Vagner» XHK RF qurolli kuchlarining asosiy kuchlaridan uzib qo‘yilishi va bu maxsus harbiy amaliyot uchun salbiy oqibatlar keltirishining oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishingizni so‘rayman», — deyilgan maktubda.
Mavzuga oid
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024