Davlat mulkiga nisbatan bo‘lgan hurmat bu umumxalq manfaatiga xizmat qiladigan muhim omildir. Afsuski so‘nggi yillarda bunga e'tibor pasayib ketdi. Odamlar yashaydigan hududlarda qatnov yo‘llari, piyodalar yo‘lkasi, ariqlar noqonuniy qurilmalar, panjaralar bilan to‘sildi, umumxalq mulki o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi holatlari ko‘paydi. Mahalliy hokimiyat idoralarining bunga panja ostidan qarashi, ba'zan o‘zi chiqargan g‘alati qarorlari natijasida aholi orasida ko‘plab qarama-qarshiliklar, noroziliklar kelib chiqdi.

Bu maqolamizda fuqaro tomonidan katta yo‘lakning yopib qo‘yilishi va buning oqibatida kelib chiqqan ziddiyatlar haqida ma'lumot beramiz.

Urganch tumani, Oq-Oltin qishlog‘i, Bog‘dorchi mahallasidagi Bog‘iravon ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolar mahalladoshi tomonidan yo‘lning «noqonuniy qurilma» bilan to‘sib qo‘yilganidan aziyat chekishayotganini ta'kidlab, uni ochib berishda ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilishdi. Bir necha yillardan beri davom etayotgan ziddiyatga tuman hokimligi tomonidan chiqarilgan qarorlar sabab bo‘lgan. Bu borada bir necha sud mahkamalari o‘tkazilgan bo‘lsa-da, hozirgacha muammo yechilmagan va qarama-qarshilikka barham berilmagan.

Mahalla aholisi bilan uchrashib, ularning fikri va tafsilotlarni o‘rgandik. Hujjatlar bilan tanishib, vaziyat haqida baholi qudrat xulosa chiqarishga urinib ko‘rdik.

2001 yili Bog‘dorchi mahallasida istiqomat qiluvchi Umida Jumaniyazovaga yakka tartibda turar-joy qurish uchun 700 kv.m. yer ajratib berish haqida Urganch tumani hokimligi qaror chiqadi. Unga Oq-Oltin jamoa xo‘jaligi vakillari umumiy yig‘ilishining 1998 yil 18 avgustdagi 3-sonli, 1999 yil 26 fevraldagi 1-sonli, 2000 yil 27 iyuldagi 3-sonli (shuni esda saqlab qoling) va 2001 yil 1 martdagi bayonnomalari asos qilib olingan.

2013 yili Umida Jumaniyazova 700 kv.m. yerga egalik qilish huquqini Shonazar Sapayevga sotadi. Bu haqda Shonazar Sapayevning Urganch tumani prokuraturasiga o‘z qo‘li bilan yozib bergan tushuntirish xati bor.

2013 yil fevral oyida Urganch tumani hokimligi Shonazar Sapayevga 700 kv.m. yer maydoniga egalik huquqini berish to‘g‘risida qaror chiqaradi. Biroq, bunga Yuqoribog‘ qishloq fuqarolari yig‘inining Shonazar Sapayevga yer maydoni ajratish haqidagi 1998 yil 3 fevraldagi №2/1 sonli bayonnomasi asos qilib olinadi.