Iqtisodiyot | 18:13 / 29.07.2021
16476
2 daqiqa o‘qiladi

Quvondiq Sanaqulov: O‘zbekistonda yiliga 100 tonnadan ortiq oltin qazib olindi, endi 150 tonnaga harakat qilamiz

«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasi bosh direktori, O‘zbekiston qahramoni Quvondiq Sanaqulov oltin qazib olish hajmi 150 tonnaga yetkazilishini ma’lum qildi.

29 iyul kuni Olmaliqda «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish loyihasi doirasidagi yangi quvvat — 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshini qo‘yish oldidan bo‘lib o‘tgan tadbirda «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasi bosh direktori Quvondiq Sanaqulov ham so‘zga chiqdi va sohaga berilayotgan yangi imtiyozlar uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Muhtaram prezident, siz bizning oldimizga yangi vazifalar qo‘yganingizda ularni bajara olishimizga ishonmagan edik. Lekin ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, hammasini uddalasa bo‘larkan. 2020 yilda O‘zbekistonda 101,6 tonna oltin qazib olindi. Ya’ni mamlakatimiz birinchi marta 100 tonnalik marrani zabt etdi.

Lekin bu hammasi emas. Mana, Olmaliq konlarida, Qurama tog‘larida o‘tkazilgan ekspeditsiyalar natijasida yangi zaxiralar tasdiqlanmoqda. Bunday ekspeditsiyalar Navoiyda ham o‘tkazilyapti va bizdagi zaxiralar bo‘yicha ham yangi ma’lumotlar e’lon qilinadi.

Olmaliqdagi konlarimizda yiliga 50 tonna oltin qazib olishni yo‘lga qo‘ysak, O‘zbekiston yiliga 150 tonna oltin qazib oluvchi mamlakatga aylanadi. Bu bugungi kunda jahon bozoridagi narxlar bo‘yicha 9 mlrd dollar degani», deya Sanaqulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma’lumki, 2020 yilda birinchi marta 100 tonnadan ziyod (101,6 tonna) oltin qazib olingan va O‘zbekiston jahon reytingida 8-o‘rinni egallagan. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 94,6 tonnani tashkil qilgan.

Mavzuga oid