Moskvaga navbatdagi dronlar hujumi. So‘nggi ma’lumotlar
Hujum haqidagi xabarlar Kiyev qatorasiga uch kun o‘qqa tutilishi fonida paydo bo‘ldi. Dronlar Moskvagacha avval ham yetib kelishgandi - ular may oyida Kremlga hujum qilgandi.
Rossiya poytaxti Moskva shahridagi turar joy binolari 30 may tongida dronlar hujumiga uchradi. Dronlardan biri Profsoyuznaya ko‘chasidagi uyga, ikkinchisi Novaya Moskvadagi Atlasova ko‘chasidagi uyga urilgan. Dron Profsoyuznaya ko‘chasidagi 98-uyning yuqori qavatiga urilgan, uy fasadi vayron bo‘lgan va oynalari singan, uchta pod’yezd aholisi evakuatsiya qilingan. Atlasova ko‘chasida uchuvchisiz uchar qurilma kelib tushishi oqibatida ham uy fasadi shikastlanib, yuqori qavatlarda derazalar sinib ketgan.
Favqulodda xizmatlar Leninskiy prospektidagi uylardan biriga ham yetib kelgan, bu yerga ham dron kelib tushgani taxmin qilingan. 112 manbasi xabar berishicha, Leninskiy prospektidagi uyga dron qulashi oqibatida jabrlanganlar bor, ularning soniga aniqlik kiritilmoqda. Moskva transport departamenti xabar qilishicha, Udalsova ko‘chasining Leninskiy prospektidan Mixail Pevsov ko‘chasigacha bo‘lgan qismi yopib qo‘yilgan.
Moskva meri Sergey Sobyanin uchuvchisiz uchar qurilmalar hujumi oqibatida shaharda bir necha binoda shikastlanishlar qayd etilganini xabar qilib, «hech kim jiddiy jarohatlanmagani»ni ma’lum qilgan. «Shaharning barcha favqulodda xizmatlari voqea joyida. Ular hodisa tafsilotlarini o‘rganmoqda, — deya yozgan Sobyanin. — Sizdan faqat rasmiy manbalarga tayanish va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘rayman». Keyinroq Sobyanin qo‘shimcha xabar berib, ikki kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning ikkisini ham shifoxonaga yotqizishga hojat bo‘lmagan va ularga voqea joyida zarur yordamlar ko‘rsatilgan.
Moskva oblasti hududida bir qancha dronlar urib tushirilgan. «Dojd» xabariga ko‘ra, Odinsovo va Krasnogorsk rayonlarida, shuningdek Novorijskoye va Rublevskoye shosselari hududlarida portlash ovozlari eshitilgan. Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobevning xabar qilishicha, Moskvaga uchib borayotgan dronlarning bir nechtasi urib tushirilgan. «Bugun tongda Moskva oblastining ayrim rayonlari aholisi portlashlar ovozini eshitgan bo‘lishi mumkin — bizning havo hujumidan mudofaa tizimlarimiz ishlamoqda. Moskvaga uchayotgan bir qancha uchuvchisiz uchish qurilmalari urib tushirildi. Aholidan xotirjamlikni saqlashni so‘rayman», — deya yozgan Vorobev.
Baza ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda 25 ga yaqin uchuvchisiz uchar qurilmalar ishtirok etgan — ularning katta qismi Moskva oblasti hududida havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilgan, dronlarning bir qismi juda pastlab uchgani tufayli daraxtlar va simlarga o‘ralashib qolgan. Uchta dron turar joy binolariga kelib urilgan, ammo ulardan bittasida portlovchi qurilma harakatga kelmagan. RBK manbasi xabar qilishicha, jam 10 ta dron urib tushirilgan. Nashr suhbatdoshlaridan birining aytishicha, dronlar Moskva oblastining Odinsovo, Istrinskiy va Krasnogorsk rayonlarida urib tushirilgan, yana bir manbaga ko‘ra — ikkita apparatni Novaya Moskva hududida yerga qo‘ndirishgan.
RF mudofaa vazirligi sakkiz dona samolyot tipidagi dron urib tushirilganini ma’lum qildi. «Ularning uchtasi radioelektron kurash vositalari yordamida to‘xtatildi, boshqaruvni yo‘qotdi va belgilangan nishondan chetga og‘ib ketdi. Yana beshta uchuvchisiz uchar apparatlar Moskva oblastida „Pansir-S“ zenit-raketa komplekslari yordamida urib tushirildi», — deya vazirlik bayonotidan iqtibos keltirgan RIA Novosti. Harbiy idora xabarida hujumda jami qancha dron ishtirok etganiga aniqlik kiritilmagan.
Moskvada dronlar hujumidan keyin sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi signallari so‘ndirildi. Mash manbasi xabar berishicha, taksichilar va haydovchilar GPS ishidagi uzilishlardan shikoyat qilishgan. Huquq-tartibot organlariga aloqadar ushbu telegram-kanalning yozishicha, politsiya uchun «Tayfun» rejasi e’lon qilingan — bu chora favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun shaxsiy tarkibni yig‘ishni nazarda tutadi.
Moskva shahri va Moskva oblastiga hujum qilgan dronlar orasida yangi modeldagi uchuvchisiz uchar qurilmalar ham bo‘lgan. «Gap «utka» aerodinamik sxemasidan foydalanadigan, benzinli ichki yonuv dvigateli bilan jihozlangan va KZ-6 shaklidagi zaryadlarni olib yuruvchi samolyot tipidagi dron haqida bormoqda», deydi «Transport texnologiyalarini rivojlantirish» markazi direktori Aleksey Rogozin. Mash manbasi yozishicha, bu ukrainlarning A-2 «Sinitsa» dronining takomillashtirilgan versiyasidir.
Ukraina hujumga aloqadorligini rad etgan. «Biz mamnuniyat bilan kuzatyapmiz va hujumlar soni oshishini prognoz qilyapmiz, ammo, albatta, bunga bizning bevosita aloqamiz yo‘q», — dedi Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak. U shuningdek, Ukraina hukumatini Moskvadagi dronlar emas, Kiyevning o‘qqa tutilishi ko‘paygani ko‘proq qiziqtirishini qo‘shimcha qilgan: «Bu biz uchun unchalik qiziq bo‘lmagan voqea».
Davlat dumasining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov bu hodisani «axborot aksiyasi» va «tinch aholini qo‘rqitish akti» deb baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda asosiysi tinch aholi orasida vahima paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qilish hisoblanadi. Shuningdek, Kartapolov Rossiya hududi ulkanligi Moskvaga hujum qilishga imkon berganini ta’kidlagan. «Dronlar havo hujumidan mudofaa vositalari joylashgan rayonlarni chetlab o‘tib uchishi mumkin bo‘lgan lazeykalar doim topiladi».
Mavzuga oid
10:46
Tramp Ukraina bo‘yicha muzokaralar uchun maxsus vakil tayinlaydi
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
21:24 / 13.11.2024
Kuraxovodagi ukrain garnizoni qurshovga tushishi mumkin. Frontdagi eng murakkab yo‘nalishlardan birida nimalar bo‘lmoqda?
18:53 / 13.11.2024