Venesuelada ommaviy mitinglar bo‘lib o‘tmoqda, mamlakatda hokimiyat o‘zgarishi mumkin.

Venesuelaning amaldagi prezidenti Nikolas Maduro hokimiyatni 2013 yilda partiya bo‘yicha o‘tmishdoshi Ugo Chavesning o‘limidan keyin qo‘lga olgandi. Uning boshqaruvi davrida mamlakatda eng kam ish haqi miqdori 10 dollarga tushdi, mamlakat aholisining 3 million nafardan ortig‘i xorijga ish izlab ketishga majbur bo‘ldi, qolganlar ochlikda yashashga mahkum bo‘ldi. 2019 yil yanvaridagi saylovda Maduro yana g‘alaba qozondi, ammo Venesuela muxolifati va G‘arb davlatlari prezidentlik saylovi natijalarini tan olishdan bosh tortdi.

21 yanvar kuni Venesuela Mudofaa vazirligi poytaxt Karakasda davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y bergani haqida ma'lum qildi. Buning ortidan shaharda mamlakat prezidenti Nikolas Maduro siyosatiga qarshi ko‘p ming kishilik namoyishlar boshlandi va tez orada butun mamlakatda namoyishlarning ulkan to‘lqini hosil bo‘ldi. 23 yanvar kuni AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Qo‘shma shtatlar Maduro rejimini noqonuniy deb bilishi, Venesueladagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

Bundan ruhlangan Venesuela muxolifati yetakchisi, Milliy assambleyasi (parlamenti) rahbari, 35 yoshli siyosatchi Xuan Guaydo Karakasda o‘tayotgan miting vaqtida o‘zini muvaqqat prezident deb e'lon qildi.

Xuan Guaydo
Foto: Reuters

U mamlakatda o‘tish hukumati shakllantirishga va haqqoniy saylovlar o‘tkazilishiga, mamlakatdagi giperinflatsiyaga barham berilishiga (Venesuelada yillik inflatsiya 2 mln foizga yetgan) va'da berdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp darhol uni yangi prezident sifatida tan oldi. Trampning Maduroni noqonuniy prezident deb atab, parlamentni — Venesuelada xalq tomonidan qonuniy saylangan yagona qonuniy hokimiyat bo‘g‘in sifatida e'tirof etdi.

Hafta boshidan buyon davom etayotgan namoyishlar vaqtida politsiya bilan to‘qnashuvlar tufayli o‘nlab kishilar halok bo‘ldi va yuzdan ortiq kishi qo‘lga olindi. Bu 2017 yilgi namoyishlardan keyingi eng yirik norozilik aksiyalari bo‘lmoqda. Ikki yil muqaddam iqtisodiy inqiroz keltirib chiqargan ochlikdan keyin bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar vaqtida 120 nafardan ortiq namoyishchi o‘ldirilgandi.

Foto: Reuters