O‘zbekiston | 12:00 / 01.01.2026
4229
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar o‘zlari to‘lagan ayrim soliqlar qaysi yo‘nalishga ishlatilganini ko‘rishi mumkin bo‘ldi

Endilikda fuqarolar Openbudget.uz saytiga kirgan holda, o‘zlari to‘lagan daromad, yer va mulk soliqlari bo‘yicha xarajatlar tarkibini ko‘rishi mumkin. Bu uchta soliq tushumlari hisobidan 2025 yildagi xarajatlar 70 ga yaqin yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

2026 yil 1 yanvardan boshlab openbudget.uz portalida “Jismoniy shaxslarning bevosita soliqlari hisobidan xarajatlar” moduli ishga tushirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Bu modul orqali fuqarolar o‘zlari to‘lagan daromad solig‘i, mol-mulk va yer soliqlari hisobidan qaysi yo‘nalishga qancha xarajat qilinganini ko‘rishi mumkin.

Moduldan foydalanish uchun tegishli sahifaga OneID orqali kirish lozim.

Hisobot quyidagicha ko‘rinishga ega (saytdan skrinshot):

Qayd etish lozim, hisobot jismoniy shaxslarning faqatgina to‘g‘ridan to‘g‘ri soliqlarini qamrab oladi. Davlat budjetida eng katta o‘ringa ega QQS va boshqa soliqlarni ham yakunda jismoniy shaxslar to‘laydi, ammo ular yuridik shaxslardan undirilgani bois yuqoridagi moduldan joy olmagan. Shu sababli rasmiy ishda ishlamaydigan, yer va mulk solig‘i to‘lamaydigan fuqarolar ushbu moduldan foydalanganda, bo‘m-bo‘sh jadvalga guvoh bo‘lishi mumkin, biroq bu ularning umuman soliq to‘lamayotganini anglatmaydi.

Ma’lumot uchun, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 2025 yil yakuni bo‘yicha 41,4 trln so‘mni tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Bu – davlat budjeti daromadlarining 12 foizini tashkil etadi.

Ochiq manbalarda yer solig‘i va mol-mulk solig‘i tushumlari jismoniy va yuridik shaxslar uchun birlashtirilgan holda ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2025 yilda yer solig‘idan tushumlar 9,7 trln so‘m, mol-mulk solig‘idan 7,9 trln so‘m bo‘lishi kutilyapti.

Shu tariqa, JShODS hamda jismoniy va yuridik shaxslarning yer va mulk soliqlaridan tushumlar (59 trln so‘m) 2025 yilgi jami davlat budjeti daromadlari (345,2 trln so‘m)ning 17 foizini tashkil etadi.

  • 2025 yil yanvar-sentabr oylarida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq majburiyatlarining ixtiyoriy bajarilishi 96 foizni tashkil etgan.
Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid