O‘zbekiston | 20:04 / 14.06.2022
20587
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ochiqlik indeksi yo‘lga qo‘yiladi - prezident farmoni

Indeksda kam ball olgan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdorlari javobgarlikka tortiladi. Bu OAV va jamoatchilikka “yopiq” organ va tashkilotlarning “ochilishiga” turtki bo‘lishi mumkin. Indeksni yuritadigan Aksilkorrupsiya agentligiga yangi vakolatlar berildi. Ochiqlikka oid qoidalarni buzganlik uchun jarima belgilanyapti.

Foto: Getty Images

“Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabariga ko‘ra, farmon bilan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasi quyidagi 8 ta indikator asosida baholab boriladi:

  1. davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlar faoliyatining samaradorligi;
  2. davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish holati;
  3. ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida e’lon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yo‘lga qo‘yilishi;
  4. budjet jarayonining ochiqligini ta’minlashga oid ma’lumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi;
  5. Ochiq ma’lumotlar portalida ma’lumotlar joylashtirilishi;
  6. ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi;
  7. korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holati;
  8. jamoatchilik kengashi faoliyatining samaradorligi.

Endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi har yil yakuni bo‘yicha Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik indeksi shakllantiradi. Indeks “eanticor.uz” elektron platformasida ochiq e’lon qilib boriladi.

Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik darajasi “0” balldan “100” ballgacha reytingda baholanib, quyidagi toifalarga ajratiladi:

  • 71 balldan 100 ballgacha – “yashil”
  • 55 balldan 71 ballgacha – “sariq”
  • 55 balldan past – “qizil”

Ochiqlik darajasi eng yuqori deb topilgan davlat organi yoki tashkilotining sohaga mas’ul xodimlarini rag‘batlantirish, aksincha, salbiy bo‘lganlarini qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasi hal etiladi.

Agentlikka davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasida quyidagi qo‘shimcha huquqlar berildi:

  • davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslariga ochiqlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish e’lon qilish;
  • ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish;
  • rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida e’lon qilingan ochiq ma’lumotlarning haqqoniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilib olish haqida so‘rovnoma yuborish.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha ochiqlik normalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilovchi qonun Senatda ma’qullangan edi.

Qonunga ko‘ra, ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtiriladigan, ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan ma’lumotlarni –

  • e’lon qilmaganlik,
  • to‘liq e’lon qilmaganlik,
  • e’lon qilish muddatlariga va tartibiga rioya etmaganlik,
  • ma’lumotlarni buzib ko‘rsatganlik uchun –

– mansabdor shaxslar 3-5 BHM (0,9 – 1,5 mln so‘m) jarimaga tortiladi.

Huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, jarima miqdori 5–10 BHM (1,5 – 3 mln so‘m)ga oshadi.

Bu toifadagi huquqbuzarlik yuzasidan bayonnomalarni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzadi va ko‘rib chiqish uchun sudga yuboradi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid