Eski namunadagi “prava”ga ega haydovchilar yonida barcha hujjatlarini olib yurishi lozim – Erali Bozorov
Matbuot anjumanida YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov eski namunadagi haydovchilik guvohnomalariga ega haydovchilar avtomobil boshqarganda barcha hujjatlarini o‘zlari bilan olib yurishlari lozimligini, chunki bazada ularning ma’lumotlari chiqmasligini bildirdi.
“Hozirgi kunda kimda yangi texpasport, yangi prava bo‘lsa, ushbu hujjatlarsiz yonida ID-karta bilan avtomobil boshqarishi mumkin.
Haydovchilik guvohnomasi yonida bo‘lmagan holda ID-karta va pasport bilan transport boshqarish imkoniyati 2022 yil 1 apreldan kuchga kirdi. Erali Bozorovga ko‘ra, eski namunadagi guvohnomalarni ham ayni shu muddatgacha yangisiga almashtirish tugallanishi mo‘ljal qilingani sababli hujjatlarda bu qoida aks ettirilmagan.
Avvalgi muddat bo‘yicha “prava”larni yangisiga almashtirish 1 aprelgacha belgilangan edi. Ammo yangisiga almashtirishga ulgurilmagani inobatga olinib, bu muddat 2024 yilgacha cho‘zildi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, shuni inobatga olib, Yo‘l harakati qoidalarining yangi tahririda bu alohida ko‘rsatildi. Ya’ni, yonida olib yurishi belgilandi.
Yangi haydovchilik guvohnomasiga ega odam yonida biometrik pasporti yoki ID-kartasi bilan yursa, uning barcha hujjatlari mavjudligi planshet orqali tekshiriladi” – dedi Erali Bozorov.
Kun.uz muxbiri 2021 yil noyabrdagi qonunda ham yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalarida ham haydovchilik guvohnomalari eski yoki yangi deb ajratilmagani, ushbu hujjatlarda umumiy qilib haydovchilik guvohnomalari tilga olingani, bunga ishonib eski haydovchilik guvohnomasiga ega haydovchilar yonida pasporti yoki ID-kartasini olib avtomobil boshqarsa, tushunmovchilik kelib chiqishi mumkinligini bildirdi.
Erali Bozorov eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari elektron bazada mavjud emasligini, shu tufayli eski haydovchilik guvohnomasiga ega haydovchilarning hujjatlarini planshetdan aniqlash imkoni yo‘qligini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, eski namunadagi haydovchilik guvohnomasiga ega haydovchilar yonida barcha hujjatlari bilan yurishi lozim, aks holda ularga nisbatan chora ko‘riladi.
Mavzuga oid
21:59 / 31.10.2024
Toshkentda «prava» olish uchun imtihon narxi oshgani rad etildi
09:57 / 18.08.2024
Xorazm va Jizzaxda pul evaziga haydovchilik guvohnomasini olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
11:40 / 02.07.2024
Haydovchilik guvohnomasini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi
21:48 / 04.06.2024