Poytaxtda aholiga qulay sharoitlar yaratish, shahardagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida yerusti jamoat transporti tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

So‘nggi yillarda shaharda yangi jamoat transporti yo‘nalishlari ishga tushirildi, mavjud avtobuslar modernizatsiya qilindi, tizimni boshqarish va monitoring qilishning yangi texnologiyalari joriy etildi.

Avtobus yengil avtotransportga nisbatan 135 barobarga samarador

Bugungi kunda Toshkent shahrida 5 mln nafar aholi mavjud bo‘lib (doimiy istiqomat qiluvchi – 3 mln, kunlik shaharga kelib-ketuvchi – 1,5 mln, vaqtinchalik yashovchi – 0,5 mln), shundan mobil aholi soni o‘rtacha 3,5 mln kishini tashkil qiladi.

O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra poytaxtdagi mobil aholining kunlik qatnov soni o‘rtacha 9 mlnni tashkil etib, shundan 6 millioni harakatlanish transportida amalga oshiriladi.

Transportda amalga oshirilayotgan qatnovlarning 1,7 millioni (28 foiz) jamoat (avtobus, metro) transportiga , 4,3 millioni yengil avtotransportga to‘g‘ri kelmoqda.

Poytaxtning transport vositalari doimiy harakatlanadigan asosiy 73ta ko‘chalari uzunligi 472 kmni tashkil etib, o‘rtacha 380-400 ming avtotransport harakatlanishiga mo‘ljallangan.

Shaharda kun davomida o‘rtacha 1 millionga yaqin avtotransport (770 mingta – ro‘yxatdan o‘tgan, 200 mingta kirib chiqadi) harakatlanib, asosiy ko‘chalarga 2 barobar ko‘p yuklama tushmoqda.

Tahlillarga ko‘ra bitta yengil avtotransport vositasida bir kunda o‘rtacha 4,3 nafar yo‘lovchi, bitta avtobusda esa o‘rtacha 580 yo‘lovchi tashilmoqda (avtobusning yengil avtotransportga nisbatan samaradorligi 135 barobar).

Avtobuslar soni so‘nggi 2 yilda 2 barobarga oshdi

So‘nggi yillarda poytaxt aholisining transportga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ko‘chalarda jamoat transporti ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi bir qator prezident farmon va qarorlari qabul qilindi.

Buning natijasida, 2022 yilda Toshkent shahri uchun 200 dona o‘rta sig‘imli SAZ LE 60 rusumli va 190 dona katta sig‘imli MAN rusumli avtobuslar va ilk bor 20 dona zamonaviy elektrobuslar xarid qilindi.

2023 yilda esa shahar jamoat transporti harakat tarkibini mukammal yangilash yuzasidan amalga oshirilgan loyihalar natijasida qo‘shimcha 1000 dona avtobuslar xarid qilindi. Jumladan, metan gaz yoqilg‘isida harakatlanuvchi 500 ta katta sig‘imli YOUTONG va 200 ta o‘ta katta sig‘imli KINGLONG avtobuslari hamda 302 ta YOUTONG elektrobuslari olib kelindi.