916 yil davomida cherkov, 481 yil davomida masjid va 80 yildan ortiq vaqt davomida muzey sifatida foydalanilgan Ayo Sofiyaning qaytadan musulmonlar ibodati uchun ochilishiga ikki haftadan buyon tayyorgarlik ishlari olib borildi. Chipta kassasini olib tashlash, tarixiy mozaika va suratlar ustini yopish hamda pollarga gilam to‘shash shular jumlasidandir.

Ta'kidlash joizki, ushbu tayyorgarlik doirasidagi ishlar, ayniqsa, mozaikalar masalasi jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otib kelayotgandi. Chunki Islom dinida surat va haykallar ibodat joylariga «farishtalarning kirishi»ga to‘sqinlik qiladi, deb bilinadi.

Mozaikalar namoz paytida parda tizimi bilan yopilishi ma'lum qilindi. Ochilish marosimidagina shunday yo‘l tutiladimi yoki doimiy shunday bo‘ladimi, hozircha noma'lum. Mozaikalar namozdan tashqari vaqtlarda tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘lishi kutilmoqda.

Ayo Sofiya obidasi ichida xristianlik e'tiqodiga ko‘ra muqaddas sanalgan siymolar va Vizantiya imperatorlari tasvirlangan ko‘plab mozaikalar mavjud. Ushbu mozaikalar IX asrning ikkinchi yarmidan boshlab yaratilgani taxmin qilinadi.

Ayo Sofiyadagi mozaikalar va ularning tarixiy ahamiyati haqida Nishontoshi universiteti o‘qituvchisi va Istanbul gidlar palatasi a'zosi doktor Sedat Bornovali BBC nashriga o‘z fikrlarini bayon etdi.

Ayo Sofiyadagi mozaikalar qachon yaratilgan?

«Tarixning eng uzun she'ri – Ayo Sofiya» deb nomlangan kitob muallifi Birnovali VI asrda qurilgan Ayo Sofiyada oltin bilan qoplangan mozaikalar mavjudligi va 16 ming kvadrat metr maydon yuzasi mozaikalar bilan bezatilganini aytdi.

«Ilk mozaikalar figurali bo‘lmagan. Agar shunday bo‘lgan taqdirda ham 726 va 843 yillar orasida «ikonoklast davri» nomi bilan tanilgan bu davrda ular yo‘q qilingan bo‘lsa kerak. Shu bois, bugun tomosha qilinayotgan va xristianlikda muqaddas sanalgan siymolar aks etgan mozaikalarning dastlabkisi 867 yilda yaratilgan, degan fikr mavjud», deydi u.

Bornovali 1453 yilda Istanbul fath etilgandan so‘ng bino masjidga aylantirilgan, ammo mozaikalar uchun hech qanday qoplama ishlatilmaganini ta'kidladi.