Bugun, 26 sentabr kuni UYeFA 2024 yilgi Yevropa chempionatining final bosqichi qaysi mamlakatda bo‘lishini e’lon qiladi. Da’vogarlar ikkita – Germaniya va Turkiya.

Avvalboshdan faqat ushbu ikki davlat mezbonlik uchun kurashib keldi. Germaniya 2014 yil sentabr oyida Angliya hukumati bilan kelishib olgan bo‘lib, unga ko‘ra inglizlar Yevro-2024`ga da’vo qilmaydigan bo‘ldi. Buning evaziga germaniyaliklar Yevro-2020 ning hal qiluvchi o‘yinlari (yarim final va final bahslari) Londonda o‘tishiga qarshilik ko‘rsatishmadi. Shu tariqa, Germaniya asosiy raqibi deb ko‘rilgan nomzod bilan murosa yo‘lini tanlab, 10 yildan keyingi musobaqani o‘zida o‘tkazish uchun katta qadam tashlagan edi.

Germaniya hozirga qadar 2 marta Jahon chempionati va 1 marta Yevropa chempionatini o‘zida qabul qilgan. Turkiyada esa bunday yirik musobaqalarga mezbonlik qilish tajribasi yo‘q.

Saylov kampaniyasi davomida nemislar UYeFAni o‘z mamlakatining barqaror va xavfsiz ekani, Yevropa Ittifoqiga a’zo ekani va qit’a markazida joylashgani butun Yevropadan tashrif buyuradigan muxlislarga qulaylik tug‘dirishini katta ustunlik sifatida ko‘rsatib keldi. O‘z navbatida, Turkiya tomoni 2008, 2012 va 2016 yilgi Yevropa chempionatlari mezbonligi uchun kurashda qatnashib, imkoniyatni boy bergani tufayli qit’a futbolining bosh tashkiloti nihoyat ushbu mamlakatga ishonch bildirishidan umid qilmoqda.

Jumladan, Turkiya Yevro-2016 mezbonligi uchun saylovda birgina kam ovoz to‘plagan holda Fransiyaga imkoniyatni boy bergan edi. UYeFAning o‘sha vaqtdagi prezidenti Mishel Platini bunda asosiy to‘siq bo‘lgani aytilgan. Shundan so‘ng Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hukumati 2020 yilda bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionati va yozgi Olimpiada mezbonligi uchun kurashlarni ham muvaffaqiyatsiz yakunladi.

Germaniya rasmiylari davlatning ijtimoiy sohadagi siyosati turklarnikiga qaraganda ancha demokratik va ochiqroq ruhda ekanini ta’kidlab kelishdi. Xususan, ikki davlatning tayyorgarligi to‘g‘risidagi UYeFA hisobotida ham Turkiyada «inson huquqlari borasida harakatlar rejasining mavjud emasligi e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan omil» ekani qayd etib o‘tilgan.

Ta’kidlash o‘rinliki, tarixda ilk marotaba yirik futbol musobaqasi mezbonini aniqlash mezonlari orasiga inson huquqlari ta’minotining darajasi ham kiritildi. Yevro-2024ni o‘zida o‘tkazish uchun UYeFAga ariza bilan chiqqan mamlakatlardan BMTning «Biznes va inson huquqlari sohasidagi asosiy prinsiplar»i bo‘yicha ham hisobot taqdim etish so‘raldi.

Foto: Getty Images