Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Takliflarga koʻra, mamlakatda barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr yaratiladi. U 16 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilinib, har bir mutaxassisning taʼlimi, malakasi va kasbiy faoliyati haqidagi maʼlumotlarni bir joyda jamlaydi.
Mutaxassislarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan oldin ularning nazariy bilimi va amaliy tayyorgarligini mustaqil baholash tizimi ham joriy etiladi.
Baholash dastlab fundamental va klinik fanlar, keyin esa mutaxassislik boʻyicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Buning uchun yagona test va topshiriqlar banki hamda zamonaviy simulyatsion bazalar tashkil etiladi.
Imtihondan oʻta olmagan mutaxassislarga uni qayta topshirish imkoniyati beriladi.
Ertaroq roʻyxatdan oʻtganlarga ustama taklif qilinmoqda
Yangi tizimga ixtiyoriy tarzda ertaroq qoʻshilgan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish ham rejalashtirilgan.
Imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, davlat reyestriga kiritilgan oliy maʼlumotli shifokor va farmatsevtika xodimlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha ustama berish taklif qilindi.
Oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun esa ustama miqdori 2,5 baravargacha boʻlishi mumkin.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazish va mutaxassislar malakasini baholash bilan shugʻullanadigan alohida markaz tashkil etilishi ham koʻzda tutilgan.
«Davolash ishi» oʻrniga «Umumiy tibbiyot»
Tibbiy taʼlim tizimida ham jiddiy oʻzgarishlar rejalashtirilmoqda.
2027-2028 oʻquv yilidan «Davolash ishi» yoʻnalishi oʻrniga 6 yillik «Umumiy tibbiyot» bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilingan.
Unga koʻra, talabalar besh yillik taʼlimdan keyin yana bir yil davomida toʻliq amaliy tayyorgarlikdan oʻtadi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oilaviy shifokor sifatida ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.















