O‘zbekiston | 18:14 / 11.12.2024
5855
2 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi

Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekistonda uyni tintuv qilishga, telefonlar va boshqa qurilmalardagi so‘zlashuvlarni eshitib turish sud qaroriga asosan amalga oshirilishi kerak. Amaldagi qonunchilikda bunday vakolat prokurorlarda ham bor. Konstitutsiyaviy sud bu normani o‘zgartirish bo‘yicha loyihani qisqa fursatda parlamentga kiritishga chaqirdi. Konstitutsiyaviy sudning qarori Oliy Majlis palatalari va prezidentga yuborilgan.

Foto: Konstitutsiyaviy sud

6 dekabr kuni Konstitutsiyaviy sudning navbatdagi majlisida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborot ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.

Konstitutsiyaviy sud qonunchilikni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni yanada jadallashtirishga chaqirdi. Unga ko‘ra:

  • shaxsning yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta, elektron va boshqa xabarlarini sir saqlashga bo‘lgan huquqini cheklashni, uy-joyda tintuv o‘tkazishni faqat sud qaroriga asosan amalga oshirishga oid konstitutsiyaviy qoidalar asosida Jinoyat-protsessual kodeksi tegishli normalarni qisqa muddatlarda qayta ko‘rib chiqish,
  • shaxsning sukut saqlashga oid konstitutsiyaviy huquqlarini jinoyat protsessida va ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritish jarayonida to‘laqonli ta’minlash maqsadida ushbu institutni jinoyat-protsessual, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikda batafsil aks ettirish lozim.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 31-moddasiga ko‘ra, har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Bundan tashqari, ushbu normaning o‘zida uy-joyda tintuv o‘tkazishga “faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan” yo‘l qo‘yilishi yozilgan.

Shu bilan birga, amaldagi Jinoyat protsessual kodeksining 382-moddasiga ko‘ra, tintuv o‘tkazishga, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turishga ruxsat berish prokurorning vakolatlariga kiradi. Konstitutsiyaviy sud ayni shu vakolatlarni tezroq sudlarga o‘tkazishga chaqirmoqda.

Mavzuga oid