Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida 60 yoshli fuqaro IIB xodimlari tomonidan mastlik holatini tekshirish uchun tibbiyot birlashmasiga olib ketilayotganda sog‘ligi yomonlashib, vafot etdi.
Marhumning yaqinlari erkak uchastka nozirlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etganini aytmoqda. Kun.uz muxbiri holat yuzasidan surishtiruv olib bordi.

Sudga oid tibbiy ekspertiza dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhum Haydarali Toshpo‘latovga “Yurak ishemik kasalligi, yurak toj qon tomirlari o‘tkir yetishmovchiligi, o‘ng tomonlama pnevmoniya, surunkali plevrit, oshqozon osti beziga qon quyilishi, alkogoldan zaharlanish” tashxisi qo‘yilgan.


Marhumning “uchastkavoy”lar bilan tortishib qolishiga nima sabab bo‘lgan?
Ma’lum bo‘lishicha, Quvasoy shahri Yuqori Mo‘yan mahallasining Soybo‘yi ko‘chasi 74-uyda yashovchi Haydarali Toshpo‘latov “Quvasoysement” AJda ma’lum muddat ishlab, pensiyaga chiqqan.
Farg‘ona shahridagi qurilish tashkilotlaridan biriga qorovullik qilayotgan marhum 2 kun ishlab, 2 kun dam olgan. U ish paytidaligida ikki nevarasi qo‘shni xonadonga kirib, televizor ehtiyot qismlarini buzib qo‘yishgan. Hammasi shundan boshlangan.
Marhumning kelini Gulmira Toshpo‘latovaga ko‘ra, qaynotasi ehtiyot qism sababli kelib chiqqan mojaro ortidan noma’lum sabablarga ko‘ra vafot etgan:

“Ishdan kelsam, farzandlarim uyda yo‘q ekan. Har doimgidek ko‘chada o‘ynayotgan bo‘lishsa kerak, deb o‘yladim. Birozdan keyin qo‘ng‘iroq qilishib, o‘g‘illarimni uchastkavoylar mashinaga solib olib ketayotgani haqida aytishdi. Xo‘jayinimga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lgan voqeani aytdim.





















