Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston tumani hokimi tumandagi eng asosiy muammolarni sanadi
Foto: KUN.UZ
Farg‘ona viloyatida faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar uchun O‘zbekiston tumaniga press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida jurnalist va blogerlar O‘zbekiston tumani hokimi Sherzodjon Yo‘ldoshev ishtirokidagi brifingda ishtirok etdilar.
Kun.uz muxbiri O‘zbekiston tumani hokimiga tuman aholisini qiynab kelayotgan eng asosiy masalalar bo‘yicha savol bilan murojaat qilgan.

“Tumanda yillar davomida to‘planib turgan masalalar bor. Eng asosiy masala bu 59 foiz ichimlik suvi ta'minoti hisoblanadi. Tumanning Shakarobod, Jonobod hududlarida ahvol og‘ir sanaladi. Ikkinchisi bu uy-joyga muhtojlik. Tumanda aholi soni 242 mingta. Uyga muhtoj ko‘p.”, - dedi hokim Sh.Yo‘ldoshev.
Ta'kidlanishicha, hozirda ichimlik suvi masalasi og‘ir bo‘lgan hududlarga 19 milliard so‘mlik loyiha bajarilmoqda. O‘qchi qishlog‘idan 26 kilometrlik tarmoqda suvsiz qishloqlarga toza ichimlik suvi tortib kelinmoqda. Bu tumandagi umumiy aholining 10-12 foizini ichimlik suvi ta'minotini yaxshilanishiga olib keladi.
O‘zbekiston tumani hokimi Sherzod Yo‘ldoshevga ko‘ra, tuman aholisi, mahalla raislari bu borada anchagina faollar.

“Men shaharda hokim o‘rinbosari bo‘lib ishlaganimda bunaqasini ko‘rmaganman, tuman odamlari rostdan ham tashabbuskor bo‘lar ekan. Bir qishloqqa 10 kilometrlik tarmoq torsak, mahalla uyushib yana qo‘shimcha tarmoq tortmoqda. Masalan Tagob qishlog‘ida shunday bo‘ldi. Aholi hashar qilib, mahalla raisi boshchiligida qo‘shimcha 7 kilometr tarmoq tortdi. Shuning uchun men aytmoqdamanki, tumandagi eng asosiy masala bu suv ta'minoti. Birgina Bo‘ston qishlog‘idagi 220 ta xonadonga ham tuman mahalliy budjetidan pul ajratib, suv chiqardik. 70-78 foiz qirg‘iz millati aholisi yashayi u yerda. Porloq kelajak degan hududda ham xuddi shunday ishlarni amalga oshirmoqdamiz", - deya ta'kidlagan tuman hokimi.
Sherzod Yo‘ldoshev shu bilan birga O‘zbekiston tumani aholisini qiynab kelayotgan asosiy masalalardan yana biri uy-joy masalasi ekanligini aytib, bu bo‘yicha tumanda olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berib o‘tdi.

“Bizda Sho‘rsuvda harbiylarning ko‘p qavatli uyi bor edi. Shu kvartiralarni biz tumanda ishchi guruh tuzib, nogiron farzandi bor, kam ta'minlangan, uy-joyga muhtoj oilalarning o‘ntasiga ajratib berdik. Qabullardagi murojaatlarning eng ko‘pi ham uy-joy masalasida bo‘ladi. Bu bo‘yicha ham murojaatlarni ijobiy yechish maqsadida amaliy ishlar olib borilmoqda. Tumanning Yakkatut mahallasida hozirda 10 ta ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. Mingtut hamda Haydarobod qishlog‘ida ham ko‘p qavatli uylar qurilishi jadallik bilan ketmoqda. Kelgusida bu masala bo‘yicha ham yaxshi xabarlar ko‘payishidan umidvormiz”, - deya ta'kidladi hokim Sherzodjon Yo‘ldoshev.
Mavzuga oid
08:30 / 18.03.2026
1,8 mlrd so‘mlik jarimani kamaytirishni va’da qilgan muhandis qo‘lga olindi
08:28 / 12.02.2026
Farg‘onada 34 kishidan iborat “koll-markaz” niqobidagi uyushgan jinoiy guruh fosh etildi
08:28 / 31.01.2026
Qo‘qonda kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy aylanmasi fosh etildi
08:29 / 24.01.2026