O‘zbekiston | 19:46 / 13.10.2021
24542
6 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchilarga beriladigan prezident sovg‘asi, darsliklarning kechikishi va kutubxonachilar oyligi. Vazir o‘rinbosari bilan suhbat

Kun.uz tahririyatiga ko‘plab ota-onalardan maktablarning 2-sinf o‘quvchilari uchun yangi darsliklar yetib bormagani haqida murojaatlar yetib kelmoqda.

Birinchi chorak yakunlanay deb qolgan oktabr oyiga qadar o‘quvchilarga darslik yetib bormagani albatta g‘alati holat.

Kun.uz muxbiri xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev bilan intervyu uyushtirdi va ota-onalarni qiziqtirgan qator savollarga javob oldi.

— Usmon aka, ota-onalarning tahririyatimizga yuborayotgan murojaatlari haqida sizga aytdim. Xo‘sh, nima uchun maktablarda 2-sinflar uchun darsliklar yetishmovchiligi yuzaga keldi?

— Bu savolga javob berishdan avval masalani ikki qismga bo‘lib olsak. Avvalo, shuni aytmoqchimanki, 1- va 2-sinflar uchun darslik yetishmovchiligi degan tushuncha unchalik to‘g‘ri emas. Chunki maktablarda ayni paytda darsliklar bor. O‘quvchilar 2018 yilda chiqarilgan darsliklardan ijara huquqi asosida foydalanmoqda.

Ikkinchi masala shundaki, biz darsliklar bo‘yicha bosqichma-bosqich milliy dasturga o‘tyapmiz. Bu dastur bo‘yicha biz shu yil 1- va 2-sinf o‘quvchilari uchun yangi darsliklarni yetkazib berishimiz kerak. Bunda birinchi sinf bo‘yicha biror muammo yo‘q, yangi darsliklar barcha o‘quvchilarga yetkazilgan.

Ikkinchi sinf uchun darsliklar ham to‘liq tayyor bo‘lgan. Unda nega kechikdi dersiz. Biz ikkinchi sinf darsliklarini ishlab chiqishni shu yil fevralda boshlagan edik. Shu o‘rinda aniqlik kiritib ketish kerak, avval bu jarayon qanday bo‘lgan? Avval darslik uchun mualliflar va biror nashriyot shunchaki tanlangan hamda chiqqan darsliklar maktablarga yetkazib berilavergan.

Biz esa bu jarayonga shaffof tenderlar va darsliklar sifati borasida maslahatlashuvlar uchun xalqaro ekspertlarni jalb qildik.

Shunday qilib, darsliklarimiz iyul oyida tayyor bo‘lgach, uni xalqaro ekspertlarga ko‘rib chiqish uchun topshirdik. Ular o‘z o‘rnida bizga darsliklar bo‘yicha xulosalarini berdi.

Hozir maktablardagi o‘qituvchi va kutubxonachilar murojaat bilan chiqyaptiki, ko‘plab ota-onalar amalda bo‘lgan darslikni olmay, birdaniga yangi darsliklarni olamiz deyotgan ekan. Vaholanki, amaldagi darsliklar yuridik jihatdan hali jarayondan chiqarib tashlangani yo‘q.

Shunday qilib, birinchi chorakda o‘quvchilar foydalanishi uchun kitoblar bor va ulardan foydalanish bo‘yicha biz maktablarga tavsiya berganmiz.

Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev

— Bundan avvalroq birinchi sinf o‘quvchilariga prezident sovg‘alari to‘liq yetib bormagani ham katta muammo bo‘lgandi. Endi esa kitoblar masalasi. Xo‘sh, nima uchun vazirlik yangi o‘quv mavsumiga ertaroq tayyorgarlikni boshlamadi?

Bu kabi holatlar takrorlanaverishi vazirlik jamoasi o‘z funksional vazifalarini to‘la eplolmayaptimi degan savollarni ham paydo qilyapti.

— Prezident sovg‘alari masalasi 20 sentyabrgacha biz tomonimizdan to‘liq bartaraf etildi. Bilasizmi, prezident sovg‘asi va uning ichidagi o‘quv qurollari uchun ham tender bo‘lyapti. Uni esa turli firmalar yutib oladi.

Ayrim mahsulotlar hattoki xorijdan olib kelinadi. Biz bu jarayonda faqat yakuniy mahsulotni qabul qilamiz.

Agar bizda siz aytgandek, hozirdan keyingi o‘quv yiliga tayyorgarlik imkoniyati bo‘lganda bu ishni albatta qilardik. Lekin bilasiz, vazirlik budjet tashkiloti sifatida yangi budjet yiliga hozirdanoq barcha jarayonlarni, jumladan, tender jarayonlarini to‘liq tashkil qilib qo‘yolmaydi. Buni bosqichma-bosqich bo‘ladigan o‘z jarayonlari bor.

Darsliklar masalasiga kelsak, biz keyingi yilgi darsliklar tenderini ham faqat yangi kalendar yildan boshlay olamiz.

Yuqorida ham aytganimdek, bu yildan darsliklarni tender asosida chop etish jarayoni ketyapti. Buning yaxshi bir tarafi shundaki, ochiq raqobatda narxlar ham tushyapti. Ammo bu jarayonlarning barchasi vazirlikning o‘ziga bog‘liq emas.

— Shunday qilib, 2-sinflarga yangi darsliklar qachon to‘liq yetib boradi?

— Yangi darsliklar ayrim maktablarga yetib borgan. Bu borada butun respublika uchun aniq bir muddatni aytishim qiyin, chunki hududlar va maktablar turli joylarda joylashgan. Shuning uchun kitoblarning yetib borish vaqti ham bir xil bo‘lmaydi. Hozir darsliklar chop etilish jarayonida va bu jarayon 23 oktyabrda yakuniga yetadi. Shundan keyin uzog‘i 10 kunda u barcha maktablarga yetib boradi.

Milliy dastur bo‘yicha ikkinchi sinflar ikkinchi chorakdan to‘liq yangi darsliklarda o‘qishi kerak.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. Unda Usmon Sharifxo‘jayev kutubxonachilarning past oyliklari, nashriyotlar monopoliyasi kabi masalalarda ham o‘z fikrlarini bildirgan.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido

Mavzuga oid