Jamiyat | 12:30 / 11.07.2019
127794
4 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda shifokorlar pichoqlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hodisa yuzasidan ma'lumot berdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sirdaryo viloyatida ikki shifokorga ish vaqtida suiqasd uyushtirildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filialida shifokorlarga tan jarohati yetkazilgani yuzasidan ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, filialning shoshilinch bolalar bo‘limiga joriy yil 8 iyul kuni 2015 yilda tug‘ilgan, bemor M.S. «O‘tkir respirator kasallik. Gipertermik sindrom» tashxisi bilan og‘ir ahvolda yotqizilgan. 10 iyul kuni bemorda bezovtalik, ko‘ngil aynib qayt qilish kuzatilgan. Vrach-pediatr N.Esanova  tomonidan bemor zudlik bilan bolalar reanimatsiya bo‘limiga olib chiqilib, reanimatsion muolajalar ko‘rsatilgan. Shunga qaramasdan soat 12:10da bemorda biologik o‘lim kuzatilgan.

Bu haqda ota-onasiga xabar berilgach, soat 14:30lar atrofida bolaning otasi pichoq bilan filialning bolalar reanimatsiyasi shifokori A.R. va viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining bolalar reanimatsiyasi shifokori A.B.ga qasddan jarohat yetkazgan. Vrach A.R.ga tibbiy yordam ko‘rsatilib, jarohatiga choklar qo‘yilgan. Vrach A.B.ning bosh qismi sanchilib kesilgan jarohatiga choklar qo‘yilib, gospitalizatsiya qilingan.

Voqea to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan bo‘lib, bugungi kunda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Filial direktori S. Xudoyberdiyevning qayd etishicha, so‘nggi paytlarda  tibbiyot xodimlariga bemor va uning qarindoshlari tomonidan tajovuz va zo‘ravonliklar, hatto suiqasd uyushtirish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Jumladan, shu yil 3 aprel kuni Tez tibbiy yordam navbatchi feldsheri M.Komilov chaqiruvga borgan vaqtida bemor va uning qarindoshlari tomonidan sababsiz ravishda haqoratlanib, tez tibbiy yordam mashinasining oynasi sindirilib, moddiy zarar yetkazilgan. Xuddi shunday holat joriy yilning 8 may kuni ham kuzatilgan bo‘lib, soat 18:30da Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasi shifokori M.Akromovaga bemor va uning qarindoshlari tomonidan qasddan tan jarohati yetkazilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, birgina Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi filiallarida 2018 yil va 2019 yilning o‘tgan olti oyi davomida 50dan ortiq tibbiyot xodimlariga bemor va uning qarindoshlari tomonidan noqonuniy tajovuz qilinishi bilan bog‘liq qonunbuzarliklar sodir etilgan.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi holatlarning ko‘payib ketayotganini hisobga olib, yana bir bor, ushbu illatning oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat'iy javobgarlikni kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham ayni kunlarda vazirlik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va qator huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish ustida ishlamoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid