2017 yil 23 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi,tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida “Mamlakatimiz zamonaviy tibbiyoti rivojida xususiy sektorning roli”mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning ijrosi hamda bu borada O‘zLiDePning sa'y-harakatlarini atroflicha muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Ochiq muloqotda O‘zLiDeP faollari, tegishli vazirlik va idoralar, tijorat banklari vakillari, xususiy tibbiy sektorda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar Prezidentimizning mazkur qarori o‘z vaqtida qabul qilinganini ta'kidlab, unda mamlakatimizdagi xususiy tibbiyot sohasini yanada isloh qilish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar mazmun-mohiyati xususida o‘zaro fikr almashishdi.

Qayd etilganidek, sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorni yanada rivojlantirish, jumladan, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishi uchun zarur sharoitlar yaratilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. So‘nggi 6 yilda mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalari soni 2 barobar ko‘payib, 3,5 mingtaga yetdi. Ularni yuqori texnologiyali tibbiyot texnikasi bilan jihozlash darajasi 3 barobar oshdi.

Ma'lumot o‘rnida: Xususiy tibbiyot muassasalarining 2022 yil 1 yanvarigacha barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilishi, sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlari yanada kengaytiriladi. Xususan, shu paytga qadar xususiy tibbiyot muassasalariga 177 turdagi tibbiy xizmatlarning atigi 50 tasiga ruxsat etilgan bo‘lib, qolganlari taqiqlangan edi. Qarorga binoan, ularga tibbiy xizmatlarning deyarli barcha turi bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi. Bu imkoniyat aholi, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan fuqarolar uchun katta qulaylik yaratadi.

Davra suhbatida chekka tumanlarda tibbiyot sohasida xususiy sektorni jadal rivojlantirish maqsadida qishloq joylarda tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida tashkil etiladigan yangi mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod etilishi ushbu qarorda ko‘zda tutilganini ta'kidlashdi.
















