Jahon | 00:41 / 12.03.2018
24769
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda falokatga uchragan turk samolyotida taniqli turkiyalik tadbirkorning qizi bo‘lgan

Eron g‘arbida falokatga uchragan xususiy samolyot bortida turkiyalik tadbirkor Husayn Basharanning qizi va uning 7 nafar dugonasi bo‘lgan. Bu haqda DHA axborot agentligi xabar bermoqda

Sozcu nashrining ta'kidlashicha, 28 yoshli Mina Basharan BAAdan qaytayotgan bo‘lgan. U Amirliklarda nikoh to‘yi arafasida dugonalari bilan “qiz bazmi” uyushtirgan. Ta'kidlanishicha, qiz 2013 yildan Başaran Holding direktorlar kengashi tarkibiga kirib kelgan, uni otasining o‘rnini egallash uchun tayyorlashayotgan bo‘lgan.

Samolyot Başaran Holding’ga qarashli Bombardier CL60 reaktiv samolyoti bo‘lgan. Hammasi bo‘lib falokat oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan.  

Samolyotning falokatga uchrashiga dvigatelining yonib ketishi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Bu haqda Eronning favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakili Mo‘jtabu Xolidiy ma'lum qilgan.

“Samolyot dvigateli yonib ketishi sababli qulagan va mahalliy aholi qulayotgan samolyotni ko‘rgan”, deb aytdi Xolidiy. 

Sharja-Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan samolyot Chaxarmaxal va Baxtiyoriya viloyatidagi tog‘li hududga qulagan. Samolyot yerga urilgach yonib ketgan.

IRNA axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, voqea joyida chiqqan yong‘in hozircha o‘chirilmagan. Qutqaruvchilar brigadasi voqea joyiga yetib borgan. 

Mavzuga oid