Tug‘uruq ta’tili – ayollar hayotidagi eng muhim va mas’uliyatli, anchayin mashaqqatli davr hisoblanadi. Doimiy jamiyat orasida bo‘lgan inson bu paytda bola parvarishi uchun jamiyatdan uziladi. Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan, turli loyihalarda faol bo‘lgan E’zozxon Ismatova birinchi farzandi uchun olgan tug‘uruq ta’tilida kopiraytingni o‘rganib, shu sohada faoliyat boshladi. Hozir uyda o‘tirib, ham ikki bola parvarishi bilan band bo‘lib, ham masofadan ishlab, ko‘pchilik havas qiladigan miqdorda daromad topadi. 

«Birinchi daromadimni 3-sinfda topganman»

O‘qituvchilar sulolasidanman. Bobolarim, buvim, ammalarim, tog‘alarim, xolalarim, yangalarim ham o‘qituvchi. Dadam, onam ham shu kasb egasi bo‘lganlaridan xonadonimizda o‘zgacha muhit hukm surardi. Hammaning savodi Alifbedan chiqsa, meniki 4-5 yosh orasida buvim doim o‘qib boradigan «Bekajon» gazetasidan chiqqan. Shu-shu hikoya, maqola o‘qishga mehrim uyg‘ongan.

Hatto bog‘cha paytidan buvim adabiy tilda gapirishimga ahamiyat bergan. Bobom esa shaxsiy kutubxonalaridan o‘qishim uchun kitoblar tanlab berardi. Esimda, sinfdoshlarimga ular hali «Sariq devni minib»ni bo‘lak-bo‘lak qilib o‘qib yurgan bir paytda Erkin A’zamning «Bayramdan boshqa kunlar» asari asosida ochiq dars o‘tib berganman.

Ha, qonimda borligi uchun dars berishga qiziqardim. Sinfdoshlarim va parallel sinflarga ustozlardan 1 soatdan so‘rab, dars o‘tib yurardim. Shuningdek, yozishgayam muhabbatim baland edi. Matematika-ku, doim hamrohim bo‘lgan. 

Lekin bilasizmi, shuncha qiziqishlarim ichida tadbirkorlikka ham joy bor edi. Birinchi daromadimni 3-sinfga o‘tganimda qilganman. Matematika, ona tili kitoblaridagi qoidalarni kompyuterda terib, kitobcha shaklida chiqarib, qoida daftar qilib sotganman. Daftarga jild chiqarib pullaganman. Referatlar, ijodiy ishlar... Kichik sinfligimdan boshlab o‘z jamg‘armam bo‘lgan. Biroq bunga meni hech kim majbur qilmagan. Aksincha, ota-onam qo‘llab-quvvatlagan, xohishlarim «qanotini qayirishmagan». Chunki o‘qishim a’lo darajada edi-da.

Litseyda aniq fanlar yo‘nalishida o‘qishni boshladim. «Bankda ishlayman!» deb niyat qilardim... Ammo 1-kursligimda kuchli ruhiy travma oldim-u, matematikadan qiynala boshladim. Miyam to‘xtab qolganday, hech nimani o‘ylagim kelmasdi.

Keyin Navoiy davlat pedagogika institutining ingliz tili va adabiyoti yo‘nalishiga grant asosida qabul qilindim. OTM menga shaxsiy rivojlanish uchun katta eshiklar ochdi. Tanlovlar, sammitlar, anjumanlar, simpoziumlar... Va shu qatorda yana o‘sha qadrdon mashg‘ulotlarim ham qolib ketmadi. Institutda o‘qirkanman, hamma ishim rejali, tartibli edi — repetitorlik qilardim, tarjima bilan shug‘ullanardim, buyurtmaga ovoz yozardim, kompyuterdan hujjatlar, har xil kreativ kalendarlar chiqarib, «tikib» sotardim, Telegramʼda guruh ochib, yuritib, buyurtma olib, savdo qilardim. 2016-2017 yillar edi chamamda, birinchi marta qo‘limga maoshim uchun dollar olganman.