Jahon | 00:17 / 12.05.2023
35676
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada qotilliklar ko‘paygani bois migrantlarni frontga jo‘natish taklif etildi

Migrantlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ko‘paygani tufayli, ularni Ukrainadagi urush hududiga yuborish taklifi yangradi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Sankt-Peterburg xalqaro yuridik forumida so‘zlagan nutqida migrantlar tomonidan sodir etilgan qotilliklar miqdori yiliga 18 foizga oshganini ma’lum qildi.

Shu sabab u ijtimoiy tarmoqlarda yangrayotgan fikrlarni taklif qildi: migrantlarni urushga jo‘natish, agar rad etishsa, vataniga qaytarish.

«Bu odamlar tomonidan aytilgan fikr: ruslar hozir frontda, migrantlar esa orqamizdan zarba bermoqda. Odamlar taklif qilyapti, agar ular Rossiya fuqaroligini olgan bo‘lsa, marhamat, frontga otlansin. Frontga bormadimi, fuqarolik burchini bajarmadimi, marhamat, vataniga jo‘nab qolsin», dedi Bastrikin.

Tergov qo‘mitasi raisi keltirgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda Rossiyada 12 million, 2022 yilda esa 14,5 million migrant bo‘lgan. Shu bilan birga, 2022 yilda migrantlar tomonidan sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar soni 11 mingdan 15 minggacha, ular orasida qotilliklar 18 foizga oshgan. 

«Ya’ni migrantlar soni ortib bormoqda va migrantlar tomonidan sodir etilgan og‘ir jinoyatlar soni ham keskin oshib bormoqda», dedi u.

Aleksandr Bastrikin bunday chorani aynan kim taklif qilganiga aniqlik kiritmadi. Biroq bir kun avval, 10 may kuni Kommunistik partiyadan Davlat Dumasi deputati Mixail Matveyev Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan migrantlarni Ukrainadagi urush hududiga yuborishga ruxsat beruvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishini e’lon qildi. 

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ikki fuqarolikka ega bo‘lganlar muddatli harbiy xizmatga chaqirilmaydi, faqat shartnoma imzolash orqali Rossiya qurolli kuchlari safiga ko‘ngilli sifatida kirishi mumkin.

10 aprel kuni Aleksandr Bastrikin 2022 yilda chet el fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha 4231 jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Ularning 893 tasi qotillik va qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish holatlari bo‘yicha. 

Jinoyatlarning eng ko‘pi Moskva viloyatida sodir etilgan bo‘lib, 2-o‘rinni Moskva shahri, 3-o‘rinni Sankt-Peterburg egalladi, deb ta’kidladi u.

Mavzuga oid