Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Neloba qishlog‘i Sangloq guzarida joylashgan 12ta xo‘jalikda istiqomat qiluvchi aholi vakillaridan tahririyatga murojaat kelib tushdi.

Kun.uz ijodiy guruhi Nilobada bo‘ldi va murojaatchilarga mikrofon tutdi.

Masalan, Muzrob Muhayyorov bu yerda 2012 yilda ko‘chib o‘tgan. Uning aytishicha, shundan beri bu yerda yashash uchun eng birlamchi sharoitlar yo‘q.

Sohiba Eshmirzayeva ham yaxshi niyatlar bilan shu guzarda imorat ko‘targaniga uch yil bo‘lmoqda. Uyga egalik qilish uchun barcha hujjatlarni rasmiylashtirgan. Ammo elektr energiyasi, tabiiy gaz va suv muammosi saqlanib qolmoqda.

Guzar aholisi prezident portaliga va boshqa idoralarga ketma-ket murojaat qilib kelishgan. Bu ishda bosh-qosh bo‘lgan insonlardan biri Xolbobo (Xolmurod) aka Xolmatov olamdan ham o‘tibdi...

Odamlar mas'ul idoralar «barcha muammolar hal qilindi», deb yo‘llanayotgan murojaatlarni yopib, hisobot topshirib yuborishganini ham kuyunib gapirishdi.

Ayni paytda guzarga tabiiy gaz o‘tmagan. Holbuki, bir ko‘cha narida quvurlarda gaz oqib yotibdi. Ular ichimlik suvini sotib olib, yertosti hovuzlarida saqlab, uni yana nasos yordamida tortib olib foydalanmoqda.

Elektr energiyasi esa simyog‘ochlarga past kuchlanishli oddiy montaj simlari bilan tortilgan.

Guzarga elektr energiyasi o‘tkazish uchun simyog‘ochlar o‘rnatilishi kerak, bir ko‘cha naridagi tabiiy gaz tarmog‘iga ulanish uchun qo‘shimcha Gaz taqsimlash punktiga ruxsat berilsa bas. Buyog‘ini aholining o‘zi quvur ulab eplab oladi.