Jahon | 19:28 / 17.04.2023
37166
3 daqiqa o‘qiladi

Moskvada Qur’on yoqib yuborilishi ortidan jinoyat ishi ochildi

Qur’onni yoqishda gumonlanuvchi qidirilmoqda.

Foto: RIA Novosti

Internetda Qur’on yoqib yuborilgan video paydo bo‘lganidan keyin Moskva politsiyasi jinoiy ish ochdi. Bu haqda IIV Moskva bo‘yicha bosh boshqarmasiga tayanib, TASS xabar berdi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, voqea Moskvaning Sharqiy okrugida sodir bo‘lgan. Qur’onni yoqishda gumonlanuvchi qidirilmoqda.

Xabarda qaysi modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilmagan.

Astra xabariga ko‘ra, 15 aprel kuni tushdan keyin politsiya tomonidan jamiyatga nisbatan aniq hurmatsizlikni ifodalovchi va dindorlarning diniy tuyg‘ularini kamsitish maqsadida sodir etilgan ommaviy harakatlar (Rossiya Jinoyat kodeksining 148-moddasi 1-qismi) moddasi bo‘yicha tergov o‘tkazilmoqda. Videodagi shaxs Kosino-Uxtomskiy hududidagi Beloye ko‘li yaqinida Qur’onni yoqib yuborgan.

Videoni Checheniston rahbari Ramzan Qodirov qoraladi. U videoning «Moskvada masjid qurilishi bilan bog‘liq masala hal bo‘lganidan keyin» tarqalganini «shubhali» deb atadi. Uning fikricha, Qur’onni tahqirlash «G‘arb liberal provakatorlarining tashrif qog‘ozi va quroli».

«Texniklar video messenjerlarda tarqalishidan oldin Ukrainaga yuborilganini allaqachon aniqlashgan. Ukraina provokatorlari Qur’onni birinchi marta yoqib yuborayotgani yo‘q, xuddi shu ishni G‘arbning barcha turdagi liberal huquq faollari yoqtiradi. Yaqin orada provokatorlarining shaxsi aniqlanadi, u munosib jazoga tortiladi», deb yozdi Qodirov ijtimoiy tarmoqda.

Beloye ko‘li Moskvaning Kosino-Uxtomskiy tumanidagi Svyatoye ko‘li yaqinida joylashgan bo‘lib, fevral oyidan mahalliy aholi masjid qurilishiga qarshi ko‘cha namoyishlarini o‘tkazgan edi. Qodirov bo‘layotgan voqealarni «provokatsiya» deb atadi va namoyishchilarni «pulemyotlar o‘rnatilgan xandaqlar»ga yuborishni taklif qildi.

5 aprel kuni Moskva meri Sergey Sobyanin masjid Svyatoye ko‘li hududida qurilmasligini va unga Kosino metro bekati yaqinida yer ajratilishini ma’lum qildi. Checheniston rahbari Sobyaninga minnatdorchilik izhor qilib, «hammaga mos keladigan ajoyib yechim topganini» aytdi.

Mavzuga oid