Namanganda prezident borgan mahallani obodonlashtirish boshlandi. Viloyat hokimi shu mahallaga ko‘chib kelishini aytdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi chog‘ida shaharning «Bunyodkor» mahallasida bo‘lib, u yerdagi infratuzilma uchun mas'ullarni tanqid qilgandi.
Ertasiga viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov shu mahallaga ko‘chib o‘tishini e'lon qildi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, ayni paytda mahallani obodonlashtirish ishlari boshlanib ketgan.
«Har kuni o‘zim shu yerda bo‘laman. Uyim shu mahalla idorasining ro‘parasida bo‘ladi. Bugun konteyner o‘rnatiladi. «Viloyat hokimining uyi» deb katta qilib yozib qo‘yaman. Shu yerga kelib, nima gap bo‘lsa, [murojaat qilishinglar mumkin].
Mahalla raisini ham almashtiraman. Mahalla raisligiga tushungan, kelajakda hokim bo‘ladigan bolalarni qo‘yaman. Chunki mahalla raisi qaysi masala qanday hal etilishini bilishi kerak: yo‘l qayerdan hal bo‘ladi, suv qanday hal bo‘ladi, maktabni qanday yaxshilash kerak, qanday qilib ishlab chiqarish qilsa bo‘ladi... Yonimda turadigan odam bo‘lishi kerak», – dedi Shavkat Abdurazzoqov 20 fevral kuni aholi oldidagi chiqishida.
Ayni paytda mahallada yerlarni tekislash, elektr tarmoqlari tortish, obodonlashtirish ishlari boshlangan. Mahallaga toza ichimlik suvi keltiriladi.
Viloyat hokimligi uzoq yillar davomida foydalanishda bo‘lgan chiqindixona yopilishi, mahalla idorasi esa qayta qurilishini ma'lum qildi.
«Bu yerda 3 gektar joyda kichik sanoat zonasi tashkil etamiz va kamida 10 ta korxona ochamiz. Buning ortidan 12 ming kishi yashaydigan mahallada 1000 nafar odam ishli bo‘ladi», – degan viloyat hokimi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev mahalla tashrifi chog‘ida u yerdagi ahvol uchun shahar hokimi va prokurori, shuningdek mahalla raisiga tanbeh bergandi.
Davlat rahbari shahar hokimining birinchi o‘rinbosarini ishdan bo‘shatdi. Uning o‘rniga viloyat IIBning yoshlar yetakchisi, 31 yoshli Dostonbek Abduqahhorov tayinlandi.
Mavzuga oid
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
16:39 / 15.11.2024
Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosarining qilmishi yashirilmoqda: yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladimi?
12:19 / 07.10.2024