O‘zbekiston | 09:42 / 03.03.2023
22625
10 daqiqa o‘qiladi

Avval aytildi, keyin qaytildi. Piyodalar uchun sariq nimcha shov-shuvi qayerdan kelib chiqdi?

2023 yil bahorining ilk kuni O‘zbekiston media makonida “sariq nimcha voqeasi” bilan tarixda qoladigan bo‘ldi. Piyodalar uchun sariq jiletlardan foydalanish tartibi joriy etilishi haqida Hukumatning rasmiy manbasi tarqatgan xabar keyinroq feyk deb topilgani ushbu masalani chuqurroq o‘rganishga undadi.

Foto: Kun.uz

Hangomaning boshlanishi

1 mart kuni Hukumatning rasmiy nashri hisoblanadigan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) O‘zbekistonda bundan buyon yo‘laklarda harakatlanuvchi piyodalar uchun sariq jiletlardan foydalanish tartibi joriy etilishi haqida xabar berdi.

O‘zA tomonidan tarqatilgan xabarning ilk ko‘rinishi

O‘zA bu xabarida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonovaga tayangan.

Xabarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan dasturlar doirasida kunning qorong‘i qismida maktab o‘quvchilari, veloyo‘lakda harakatlanuvchi shaxslar va piyodalar uchun nur qaytargichli jiletlardan foydalanish tartibi joriy etilayotgani ta’kidlanadi.

IIV mulozimi maktab o‘quvchilari homiylik ko‘maklari asosida nur qaytargichli jiletlar bilan ta’minlanishini ma’lum qilgan.

 “Xalq tajriba quyonimi?”

Ushbu xabar jamoatchilik orasida rezonansga sabab bo‘ldi.

“Piyoda yurish ham pulli bo‘ladiganga o‘xshaydi. Kelgusida kechqurun yo‘llarda piyoda yurmoqchi bo‘lsak ustimizda nur qaytargichli jiletlar bo‘lishi kerak ekan. Bu yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va hokazolar uchun zarur deyishmoqda.

Bu yangilikni o‘qib miyaga kelgan birinchi fikr shu bo‘ldi: demak kimdir nur qaytargichli jiletlar ishlab chiqarmoqchi va uni o‘tkazish kerak. Bunday o‘ylayotganim uchun uzr. Afsuski bizda ko‘p tashabbuslar aylanib-o‘rgilib monopoliyaga borib taqalaveradi, u yog‘iga salohiyat yetmaydi.

Ishqilib bu tashabbus amalga oshib qolmasin deymiz. Aks holda sariq jiletsiz yurganlik uchun ham katta ehtimol bilan jarima to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa alaloqibat ko‘chada piyoda yurish ham pulli bo‘ladi, degani”, deb yozadi sobiq deputat Rasul Kusherboyev.

“Piyodalar yo‘laklariga mas’ul odamlar biriktirib, orqamizdan tepishni joriy etish kerak. Biz chidaymiz. Biz hammasini ko‘taramiz”, deydi jurnalist va bloger Sanjar Said.

“Endi pasportning yonboshiga yaltiroq nimchayam olib yuradi bechora piyodalar. Kallaga bitta fonarigam taqtirish kerak, oldi oq, orqasi qizil yonsin, povorotniklariyam bo‘lsin. Zo‘r bo‘lardi-da, butun shahar charog‘on bo‘lib ketardi”, degan Akmaljon Arzikulov.

“Tepadagilardan kimdir Xitoydan katta partiya jilet olib kelgan bo‘lsa kerak. Ketmayotgan bo‘lsa buni endi qonunga kiritib sotmoqchi bo‘lsa”, deya taxmin qilgan Suhrob Matchonov.

“Yo‘llarni yoritib qo‘yish o‘rniga xalqni bo‘yniga qo‘yish oson. Yana bir bor qoyil!” deya fikr bildirgan Muzaffar To‘ychiyev.

“Endi ko‘chada yurgan inson borki jarimaga tushar ekan-da”, deydi Adhamjon Abdullayev.

“Mas’ullar xalqni tajriba quyonlari deb o‘ylashyapti-yov. Tasavvur qiling sap-sariq jo‘jalardek odamlar tun qorong‘isida ketyapti. Odamlar Marsga uy qurib ko‘chib o‘tib yashash harakatini qilayotgan bir davrda. Biz ham nimalardir tajribalar o‘tkazyapmiz”, deb yozgan Fazliddin Andijoniy ismli Facebook foydalanuvchisi.

Raddiyalar

Piyodalar uchun sariq jiletlardan foydalanish majburiy bo‘lishi haqidagi xabar nafaqat jamoatchilik, balki davlat organlarining ham e’tiroziga uchradi. Jumladan, Adliya vazirligi mazkur talab piyodalar uchun majburiy emasligini eslatdi.

“Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar hamda yo‘lni ta’mirlashga mas’ul xodimlar qorong‘ida nur qaytargichli kamzulda bo‘lishi kerakligi belgilangan. Mazkur talab boshqa shaxslarga, shu jumladan piyodalar uchun majburiy emas.

Shuningdek, qonunchilikda Ichki ishlar vazirligi tomonidan piyodalar qorong‘ida harakatlanayotganda nur qaytaruvchi ustki kiyimda bo‘lishini targ‘ib qilish yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda muhim vazifalardan biri ekanligi qayd etilgan”, deyiladi vazirlik eslatmasida.

Ma’lum bo‘lishicha, chindan ham Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq, fuqarolarning, ayniqsa, bolalarning yo‘l-transport hodisalari hamda oqibatlaridan himoyalanganligini ta’minlash maqsadida sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda yo‘lni kesib o‘tishda va yo‘l yoqalaridan yoki qatnov qismining chetidan harakatlanishda, piyodalarning ustki kiyimida nur qaytaruvchi elementlar bo‘lishi inson hayotini saqlab qolish uchun muhim ekanligini keng targ‘ib qilish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan. Ammo ushbu norma majburiy emas, balki tavsiyaviy ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, Yo‘l harakati qoidalarining 167-bandiga ko‘ra, velosiped yo‘lkasi bo‘lmagan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementli parchalari bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishi shart.

“Bu xabarlar – feyk”

Muhokamalar ortidan IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining rasmiy sahifasida O‘zbekistonda piyodalarning kunning qorong‘i qismida sariq jiletlardan foydalanishi joriy etilayotgani haqidagi xabarni rad etib chiqdi. YHXX bu axborotni feyk deb atagan.

IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov ham O‘zbekiston axborot agentligi tomonidan tarqatilgan xabar haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qilgan.

Ko‘p o‘tmay O‘zAning telegram-kanalida e’lon qilingan xabar matni ham tahrirlab qo‘yildi.

 O‘zA tomonidan tarqatilgan xabarning tahrirlangan ko‘rinishi

Feyk tarqatgan kim: IIVmi yoki O‘zA?

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova Kun.uz muxbiri bilan telefon orqali suhbatda piyodalar yoki maktab o‘quvchilari uchun bu jiletlarni kiyish kelgusida majburiy qilib qo‘yilmasligini ta’kidlagan.

Shuningdek, Sultonova aholi orasida sariq jiletlarni kiyish 2021 yildan beri targ‘ib qilib kelinayotgani, “Enter Engineering” kompaniyasi homiylik asosida ikki yildan beri fuqarolar, ayniqsa, o‘quvchilarga tekin tarqatib kelayotganini qo‘shimcha qilgan.

Shu yil 5 mart kuni respublika miqyosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Xavfsiz hayot uchun” velo va piyoda yurish marafoni ishtirokchilarga ham nur qaytargichli jiletlar tarqatilishi ko‘zda tutilgan. Ya’ni sariq nimchalar haqidagi gap aslida yo‘q joydan o‘ylab topilmagan va IIV mulozimi bu bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilayotganini tan olgan.

Muzifa Sultonova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda kunning qorong‘i qismida piyodalarning sariq jilet kiyib yurishi bo‘yicha talab tavsiyaviy ekanini aytgan bo‘lsa-da, uning nomidan O‘zAda e’lon qilingan ma’lumotda bunday jumla ko‘zga tashlanmaydi.

Ushbu xabarni tayyorlagan O‘zA muxbirining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, IIV JXD matbuot kotibi telefon orqali bergan ma’lumot qanday bo‘lsa, shundayligicha e’lon qilingan. Jurnalist Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Muzifa Sultonova telefon orqali bergan axborotni saytga chiqarishdan oldin matnni tasdiqlatib olganini ta’kidlaydi.

“Avvalambor, ushbu xabarni tarqatish tashabbusi Muzifa Sultonovadan chiqqanini ta’kidlashim kerak. Bu mening tashabbusim bo‘lmagan. U menga qo‘ng‘iroq qilib-yo‘l transport hodisalarining oldini olish, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida kelgusida maktab o‘quvchilari, veloyo‘lakda harakatlanuvchi shaxslar va piyodalar uchun nur qaytargichli jiletlardan foydalanish amaliyotini keng joriy etishning ahamiyatini tushuntirdi. Bu borada OAV va jurnalistlarning yordamiga muhtoj ekanini ta’kidladi.

Sultonova allaqachon bir qator maktablarda homiylar ko‘magi ostida o‘quvchilar uchun nur qaytargichli jiletlar tarqatilganini va kelgusida yana homiylarning yordami bilan bu amaliyot davom ettirilishini ma’lum qildi.

Men mutaxassisning ma’lumotlariga tayangan holda xabar tayyorladim va bosh muharririmizga uzatdim. Uning so‘zlari yanglish talqin qilinishining oldini olish maqsadida tayyor materialni Sultonovaga yuborib, tasdiqlab berishini so‘radim. U qo‘ng‘iroq orqali materialni og‘zaki tasdiqladi.

Ma’lumot o‘rnida aytishim lozimki, men materialda “nur qaytargichli jiletlardan foydalanish tartibi majburiy joriy etiladi”, degan jumlani ishlatmaganman. Bu xabarni “feyk” xabar deb ma’lumot tarqatgan IIV mas’ullari, aslida “feyk” xabar qanaqa, qanday ekani haqida yetarlicha bilimga, hatto tasavvurga ham ega emas ekan. Men yozgan xabar IIV mulozimi tomonidan berilgan ma’lumotlarga tayanilgan”, deydi O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Muzifa Sultonova Vazirlar Mahkamasining “Yangi O‘zbekiston” nashriga bergan intervyusida rezonansga sabab bo‘lgan xabarlarga munosabat bildirarkan, 5 mart kuni respublika miqyosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Xavfsiz hayot uchun” velo va piyoda yurish marafoni ishtirokchilarga ham nur qaytargichli jiletlar tarqatilishini eslatib, ushbu xabar turlicha talqinlarga sabab bo‘lgani, hamma uni har xil tushunganini bildirgan.

Jamshid Niyozov, Kun.uz

Mavzuga oid