Hokimlar va sektor rahbarlariga ta’til. Kim qayerda dam oladi?
O‘zbekistondagi tuman (shahar) hokimlaridan 152 nafari respublikadagi sanatoriylarda, 46 nafari esa xorijda dam olib qaytishi belgilangan. Ayrim rahbarlar Dubayga sayohat qilib keldi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga sanatoriylarda mansabdorlar uchun taniqli san’atkorlar ishtirokida konsertlar tashkillashtirish vazifasi topshirilgan.
Prezident administratsiyasi topshirig‘iga asosan, tuman va shaharlar hokimlari va sektor rahbarlarining mehnat ta’tiliga chiqishi va davolanishi ikki bosqichda o‘tkazilmoqda.
Kun.uz'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, 1-10 yanvar kunlari birinchi bosqichda Toshkent shahri tumanlari hokimlaridan tashqari respublikadagi barcha tuman (shahar) hokimlariga ta’til berilgan.
Tuman (shahar) hokimlari Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son va 2-son shifoxonalari, “Qibray”, Kasaba uyushmalari federatsiyasining “Chinobod Plaza”, “Turon” va “Oqtosh” sanatoriylarida, Rossiyadagi O‘zbekiston sanatoriylarida sog‘ligini tiklashi, shuningdek, boshqa xorijiy davlatlarda ta’tilga chiqishi belgilangan.
Tasdiqlangan grafikka ko‘ra, jami 208 nafar tuman (shahar) hokimidan 46 nafari davolanish va sayohat qilish uchun xorijga chiqishi belgilangan.
1 yanvardan ta’tilga chiqqan hokimlar ertaga, 11 yanvardan ishga qaytadi. Ikkinchi bosqichda, ya’ni 11-20 yanvar kunlari Toshkent shahri tumanlari hokimlari hamda respublikadagi barcha sektor rahbarlari va hokim o‘rinbosarlariga ta’til beriladi.
Administratsiya topshirig‘iga ko‘ra:
- viloyatlar prokurorlari va ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari – IIV Markaziy hospitalida;
- viloyatlar soliq boshqarmalari boshliqlari – “Xumson” sanatoriysida;
- tuman va shahar prokurorlari, ichki ishlar bo‘limlari va soliq inspeksiyasi boshliqlari – Kasaba uyushmasining hududlardagi sanatoriylari hamda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida sog‘ligini tiklaydi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimlarining o‘rinbosarlari, maslahatchilari, yordamchilari va tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari – Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son va 2-son shifoxonalari, “Qibray”, “Chinobod Plaza”, “Turon” va “Oqtosh” sanatoriylarida, Rossiyadagi O‘zbekiston sanatoriylarida hamda xorijiy davlatlarda ta’til o‘tkazadi.
Tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosarlari hududlardagi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida va Kasaba uyushmasining sanatoriylarida sog‘ligini tiklaydi.
Ta’til vaqtida mansabdorlarga san’atkorlar xizmatda bo‘ladi: sanatoriy va tibbiyot maskanlarida taniqli san’atkorlar ishtirokida madaniy tadbirlar tashkil etiladi. Bu topshiriq ijrosi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga yuklatilgan.
Uzbekistan Airways va “O‘zbekiston temir yo‘llari” raislariga mansabdorlarning ta’til joylariga o‘z vaqtida yetib borishi va yashash manzillariga qaytishi uchun ularni yo‘l chiptalari bilan belgilangan tartibda ta’minlash topshirig‘i berilgan.
Qoraqalpog‘istonning birinchi rahbarlari, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, shuningdek, respublika darajasidagi mansabdorlarning ta’til grafigi boshqa hujjatda belgilangan.
Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib qaytgan.
Mavzuga oid
14:01 / 13.10.2024
“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?
19:17 / 30.09.2024
Bunaqada sohada kim qoladi? Yangibozor hokimi misolida dehqonlarga munosabat
16:56 / 25.09.2024
Bahodir G‘oyibnazarov hokimlikka qaytdi
18:30 / 20.09.2024