Qozog‘istonda yo‘lovchi avtobusi yonib ketishi oqibatida kamida 52 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda respublika IIV qoshidagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha bo‘lim ma'lumot berdi.

Hodisa Aqto‘be viloyati Irgiz tumani hududida, Samara — Chimkent trassasida ro‘y bergan. Avtobus yo‘lda yona boshlagan. Salonda 55 yo‘lovchi va 2 haydovchi bor edi. 52 kishi voqea joyida halok bo‘lgan.

«Yo‘lovchilarning fuqaroligi aniqlanmoqda», — deya qayd etilgan vazirlik xabarida.

Mahalliy OAV xabariga ko‘ra esa, halok bo‘lganlarning barchasi o‘zbekistonliklar.

Hozircha hodisaning boshqa tafsilotlari ma'lum emas.