Bu haqda Oʻzbekiston Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi xabar berdi.

Memorandum Oʻzbekiston delegatsiyasining Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (AEXA) 70-Bosh konferensiyasidagi ishtiroki doirasida imzolangan.

Hujjatga Oʻzbekiston tomonidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisi A. Rafiqov, AQSH tomonidan esa Yadroviy tartibga solish komissiyasi raisi H. K. Nieh imzo chekkan.

Memorandumga muvofiq, tomonlar radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash, tegishli faoliyatni litsenziyalash va inspeksiyadan oʻtkazish sohalarida hamkorlikni rivojlantiradi.

Shuningdek, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, ehtimoliy avariya holatlariga tayyorgarlik koʻrish va ularga javob choralarini ishlab chiqish boʻyicha tajriba almashish koʻzda tutilgan.

Hamkorlik doirasida soha mutaxassislarining malakasini oshirish va ikki mamlakatning tartibga solish organlari oʻrtasida axborot hamda amaliy tajriba almashinuvini kengaytirish ham rejalashtirilgan.

Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, memorandum atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish jarayonida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.