Yaqin muddatda Qozog‘iston tomonidan Turkiston-Chimkent-Toshkent tezyurar temir yo‘li qurilishi boshlanadi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishida ma'lum qildi.
«Ushbu loyiha turizm sohasida yangi 22 ming ish o‘rnini yaratib, sayyohlar oqimini 50 foizga ko‘paytirishga yordam beradi. Shuningdek, iqtisodiyotning turdosh sohalarida 100 ming ish o‘rni yaratiladi», – dedi mamlakat bosh vaziri.
Maminning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Qozog‘istonda ichki turizm salohiyati 4,5 million sayyohni jalb etgan. Turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5,2 foizni tashkil etgan.
Avvalroq, Turkiston-Chimkent-Toshkent tezyurar temir yo‘li qurilishini O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Qozog‘iston bosh vazirining o‘rinbosari Roman Sklyar muhokama qilgan edi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston yirik shaharlari o‘rtasida xalqaro avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, Turkiston – Chimkent – Toshkent tezyurar temir yo‘li hamda «Uchquduq – Qizilo‘rda» transport yo‘lagi qurilishi haqida so‘z yuritilgandi.









