02:08 / 12.02.2020
0
14234

Ish chog‘ida baxsiz hodisa tufayli halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlarga tovon puli qanday to‘lanadi?

O‘zbekistonda, so‘nggi 3 yilda, qurilish sohasining o‘zida ro‘y bergan baxsiz hodisalar oqibatida 119 kishi vafot etgan, 117 kishi jarohatlangan. Jami 302ta baxsiz hodisa ro‘yxatga olingan. AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu haqda ma'lum qilindi.

O‘zbekistonning turli qurilish-pudrat tashkilotlarida oxirgi 3 yilda 302ta baxsiz hodisa ro‘y bergan bo‘lib, ularda 119 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 117 kishi og‘ir jarohatlangan. BvaMMV, Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat inspektori Nozima Sulaymonova AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qurilish sohasidagi baxsiz hodisalar, ularda jabrlanganlar va jarohatlanganlarga tovon puli to‘lash tartibiga oydinlik kiritdi. Bu haqda tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«So‘nggi 3 yilda qurilish (sohasi)ning o‘zida 302ta baxsiz hodisa sodir bo‘lgan. Bunda 119 quruvchi xodim vafot etgan, 117 kishi og‘ir tan jarohati olgan. Bu degani, mehnat qobiliyatining qaysidir qismini yo‘qotib bo‘lgan.

Savol tug‘iladi: ularga to‘lovlar qanday amalga oshiriladi?

Har bir tashkilotlarimiz, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash qilingan bo‘lsa, (to‘lovlar) sug‘urta kompaniyalari orqali amalga oshiriladi. Lekin, sug‘urta qilinmagan bo‘lsa, ko‘p holatlarda qurilish-pudrat tashkilotlari bu sug‘urtani amalga oshirmagan. (Kompensatsiya pullarini to‘lash-tahr.) ish beruvchi, korxona mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Bu to‘lovlar qancha muddatda to‘lanadi?

Baxsiz hodisani tekshirish bo‘yicha komissiya tuziladi. 15 kun ichida baxsiz hodisa sabablari tekshiriladi. Hujjatlar rasmiylashtirilib, har bir jarohat olgan yoki jabr ko‘rgan oilaga komissiya a'zolari tashrif buyurib, qonunchilik bo‘yicha imkoniyatlari va huquqlarini tushuntirishi shart. Barcha hujjatlar rasmiylashtirilgach, uzog‘i bilan 1 oy muddatda barcha to‘lovlar amalga oshirilishi kerak.  

Agar, xodim baxsiz hodisa tufayli vafot etgan bo‘lsa, bir martalik 6 yillik o‘rtacha ish haqi to‘lab berilishi kerak. Qaramog‘ida farzandlari bo‘lsa, marhumning o‘rtacha oylik maoshi ularning soniga bo‘linadi hamda har bir farzandi 18 yoshga kirguncha to‘lab boriladi.

Agar, baxsiz hodisa oqibatida jarohat olgan bo‘lsa, bir martalik to‘lov bir yillik o‘rtacha ish haqini tashkil etishi darkor. Bundan tashqari, mehnat qobiliyatini to‘la tiklagunga qadar, to‘lovlar foizlarda amalga oshiriladi. Ya'ni, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik darajasi foizlarda TMEK tomonidan aniqlanadi. 30 yoki 40 foiz bo‘lsa, o‘rtacha maoshining shuncha miqdori sog‘lig‘i tiklangungacha yoki umrbod to‘lab boriladi.

Har bir jarohat olgan yoki vafot etgan xodimlar bevosita nazorat olib boriladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi va Pensiya jamg‘armasi, mabodo korxona tugatilsa, to‘lovlar davlat zimmasiga tushadi va moliyalashtiriladi.

Qurilish tashkiloti bo‘ladimi, boshqa korxona bo‘ladimi, agar ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalamagan bo‘lsa, turgan gap, baxsiz hodisani yashirishga urinadi. Ming afsuski, biz bu bilan kurashmoqdamiz, ammo uning samarasi sal pastroq. Buning uchun mehnatni muhofaza qilish sohasini ham raqamlashtirishimiz kerak va odamlar bu sohada qanday ishlar amalga oshirilayotganini bilishi lozim. Ish beruvchilarimizga, avvalboshdanoq, sug‘urta qilishsa, ularga arzonroq tushishini yetkazib berishimiz kerak.

Bugungi kunda biz, baxsiz hodsa sodir bo‘lgach, uning oqibati bilan kurashishni boshlaymiz. Lekin, bizning taklifimiz, butun jahonda tatbiq qilingan amaliyot, ya'ni har bir xavf-xatar, baxsiz hodisa ehtimollarini baholagan holda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini joriy qilishdir», - dedi Nozima Sulaymonova.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top