Yaqin Sharqda Falastin hamda Isroil o‘rtasidagi mojaro yana avj olib, harbiy amaliyotlar bir necha kundan buyon to‘xtamayapti. Ayni paytdagi bu voqealar butun mintaqada vaziyat keskinlashuviga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilik tomonidan bildirilayotgan fikrlarga ko‘ra, bu urushda Falastin yaqqol autsayder. Ammo vaziyatga boshqa tomondan qaralsa haqiqatan ham shundaymi?
Favoritlar va autsayderlar
Bibliyada yozilishicha, Falastindan bo‘lgan ulkan jussali Goliaf Isroil yerlariga bostirib kiradi. Isroilliklar o‘z yerlarini himoya qilish maqsadida oralaridan tanlab olingan Devidni Goliafga qarshi jangga yuboradilar. Ikki o‘rtadagi to‘qnashuvda Goliaf favorit bo‘lishiga qaramasdan, autsayder Devid tomonidan tosh bilan urib o‘ldiriladi.
2021 yil may oyidagi Isroil-Falastin nizosi esa yuqoridagi vaziyatning tamomila aksini ko‘rsatmoqda. Ilg‘or harbiy texnika, qudratli xalqaro hamkorlar, ulkan moliyaviy homiylar va yuqori darajada rivojlangan iqtisodiyotga ega Isroil «ularga faqat toshlar uloqtirish bilan qarshilik ko‘rsata oladigan» Falastin yerlariga tajovuz qilmoqda. Ayrim matbuot va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining fikriga ko‘ra, bu urushda Isroil favorit, Falastin esa yaqqol autsayder bo‘lib ko‘rinmoqda.
Biroq kanadalik yozuvchi Malkolm Gladvel o‘zining «Devid va Goliaf: gigantlarni mag‘lub etish san'ati» asarida favoritlar va autsayderlar to‘qnashuviga yangicha qarash bilan yondashadi. Ya'ni Devid va Goliaf jangini misol sifatida oladigan bo‘lsak, klassik janglar nazariyasiga ko‘ra, og‘ir qurollangan guruhga qarshi yengil va tezkor guruh, tezkor guruhga qarshi kamonchilar, kamonchilarning qal'alarini qulatish uchun esa og‘ir qurollangan jangchilar yuboriladi. Shu tariqa, o‘zaro kurashlarning uchburchagi vujudga keladi. Agar ushbu nazariyadan kelib chiqilsa, to‘qnashuvda aslida Devid favorit bo‘lib chiqadi.
Endi savol paydo bo‘ladi: Isroil ham hozirgi urushda favoritmi? Nega Netanyahu ancha zaif bo‘lgan HAMASga qarshi buncha talvasaga tushyapti? Sabab sifatida voqealar rivojini chuqur tahlil qiladigan bo‘lsak, butunlay aks tomonni ko‘rsatmoqda.
Netanyahu va HAMAS
Avvalambor, Falastindagi saylovlarda HAMASning qo‘li ustun kela boshlashi Isroilning yaqin chegaralarida asosiy raqobatchilari hokimiyati o‘rnatilishiga olib keladi. Falastinda mo‘'tadil kayfiyatdagi Mahmud Abbos o‘rniga HAMASchilarning bo‘lishi Isroil obro‘yini keskin tushirib yuboradi.
Ikkinchidan, Natanyahuning Isroil ichki saylovlarida ham ishlari yurishmayapti. Agar saylovlarda koalitsiya tuziladigan bo‘lsa, Netanyahu o‘z o‘rnini G‘arbiy sohillarni to‘laligicha bosib olish va Falastin mustaqilligini tugatish tarafdori bo‘lgan Naftali Bernadetga bo‘shatib berishga majbur bo‘ladi. Go‘yoki Netanyahu o‘ta o‘ng kayfiyatdagi saylovchilarni jalb qilish uchun bu ishni o‘zi amalga oshirib qo‘ya qoldi.

















