O‘zbekiston fuqarolari uchun haj kvotasi 2 barobarga oshiriladi
O‘zbekiston fuqarolari uchun yillik haj kvotasi ikki barobar – 24 ming nafargacha, umra kvotasi esa 100 ming nafargacha oshiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkentga kelgan Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan uchrashuvida shunday kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabiya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Muloqotda musulmon olamining muqaddas ziyoratgohlariga safarlarni tashkil etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan O‘zbekiston fuqarolarining Saudiya Arabistonida bo‘lishi bilan bog‘liq yanada qulay va shinam sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida haj va umra ishlari vaziri O‘zbekiston prezidentiga ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va valiahd, mamlakat bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Saudiya delegatsiyasining bu tashrifi joriy yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga amalga oshirilgan tarixiy ahamiyatdagi davlat tashrifi davomida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning davomi ekani ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston fuqarolari uchun yillik haj kvotasini ikki barobar – 24 ming nafargacha, umra kvotasini esa 100 ming nafargacha oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, raqamlashtirish sohasida ilg‘or tajribani joriy qilish, saudiyalik turistlarning yurtimizda bo‘lishi uchun vizasiz tartib joriy qilinganini hisobga olgan holda ularning O‘zbekistonga safarlarini ko‘paytirish, ikki mamlakat yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Mavzuga oid
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
19:01 / 11.11.2024
O‘zbekiston va Saudiya bosh prokurorlari tergov va axborot almashinuvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi
09:25 / 11.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi
18:01 / 10.11.2024