15:44 / 24.07.2023
58222

5 mln so‘mdan 22 mln so‘mgacha: o‘zbekistonlik deputatlar qancha oylik oladi?

Tojik nashri o‘zbekistonlik deputatlarning maoshi 380 dollar (4,4 mln so‘m) atrofida ekanini yozdi. Kun.uz muxbirining o‘rganishlariga ko‘ra, bu miqdor ko‘rsatilganidan bir necha barobar yuqori bo‘lib, 16-22 mln so‘mni tashkil etadi. Deputatlarga oylik daromadini oshkor etmaslik talabi qo‘yilgan.

Foto: Qonunchilik palatasi

Tojikistonning Asia-plus nashri Markaziy Osiyo va boshqa bir qator davlatlardagi deputatlarining oylik maoshini taqqosladi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari ichida Qozog‘iston deputatlari eng ko‘p, O‘zbekiston deputatlari eng kam maosh olishi keltirilgan.

Qayd qilinishicha, Qozog‘iston deputatlarining maoshi 2050 AQSh dollariga teng (23,8 mln so‘m). Undan keyingi o‘rinlarda Tojikiston deputatlari – 688 dollar (8 mln so‘m) va Qirg‘iziston deputatlari – 500 dollar (5,8 mln so‘m). O‘zbekiston deputatlari 380 dollar (4,4 mln so‘m) maosh bilan so‘nggi o‘rinda qayd etilgan. Turkmaniston bo‘yicha ma’lumotlar yo‘q. Bu borada nashr muxbirlari o‘zbek deputatlarining maoshlari haqidagi ma’lumotlarni ochiq manbalardan olgan bo‘lishi mumkin.

Manba keltirgan qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, Belarus deputatlari 950 dollar (11 mln so‘m), Buyuk Britaniya deputatlari 5950 dollar (69 mln so‘m), Rossiya deputatlari 6850 dollar (79 mln so‘m), Yevroparlament deputatlari 7500 dollar (87 mln so‘m) maosh oladi.

Kun.uz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari qancha maosh olishi haqidagi ma’lumotlarni o‘rgandi.

“Yashirin” maosh

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga maxsus bank kartalari berilgan. 2021 yilda bu plastik kartochkaga har bir deputat uchun oyiga 10 mln so‘mdan pul tushirib berilgan. Bundan tashqari, ularga 7-8 million so‘m atrofida oylik maosh to‘langan. Natijada deputatlar har oy 17-18 mln so‘m daromad ko‘rgan.

Bu borada Kun.uz muxbiri Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir nechta deputatlari bilan suhbatlashdi. Xalq vakillari har oy plastik kartaga 10 mln so‘mdan olayotgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.

“Ha, har oy bank kartamga 10 mln so‘m olaman. Bu yaxshi ishlashimiz va moliyaviy muammolar haqida o‘ylamasligimiz uchun qilingan. Hamma narsa mehnat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan. Pul maxsus hisobvaraqlardan ajratiladi”, – dedi ismi sir qolish sharti bilan gapirgan deputatlardan biri.

Hukumatdagi bir qancha manbalarning tasdiqlashicha, hozirda deputatlar oyiga o‘rtacha 18 mln so‘m pul oladi. Nima uchun bu ma’lumot ochiq aytilmasligi haqidagi savolga esa javob berilmadi.

Manbalardan yana biri bank plastik kartochkasiga tushayotgan 10 million so‘m “maxsus jamg‘arma”dan ajratilayotganligini aytib, bu pul maosh emas, balki davlatning o‘ziga xos “qo‘llab-quvvatlashi” ekanini ta’kidladi.

“Barcha deputatlarning kvartira va mashinalari bor. Ular davlatdan minnatdor bo‘lib, sidqidildan mehnat qilishlari kerak. Deputatlar maoshining o‘zi 6-10 mln so‘m, ushbu miqdor turli mezonlarga bog‘liq. Aytilayotgan 10 mln so‘m esa hukumat maxsus jamg‘armasidan ajratiladi. Natijada oylik daromad 16-20 mln so‘mni tashkil etadi. Joriy yilning yanvar oyidan boshlab, maxsus kartalar orqali mablag‘ ajratilishi to‘xtatilishi va ish haqi miqdorini oshirish rejalashtirilgandi. Rostini aytsam, shundan keyin nima bo‘lganini bilmayman. Aftidan, kartalar hali ham faol”, – dedi u.

Shu bilan birga, ba’zi deputatlar ilmiy darajalari, ma’lum harbiy unvonlaridan kelib chiqib, ko‘proq oylik olishadi. Umuman olganda, maoshlar oyiga 16 mln so‘mdan 22 mln so‘mgacha, deydi manbalar.

Afsuski, deputatlar xalq vakili bo‘lishlariga qaramay, maoshlari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishni istamaydilar. Ana shunday deputatlardan biri Kun.uz bilan suhbatda maosh bo‘yicha ma’lumotlarni oshkor etmaslik haqidagi hujjatga imzo chekkanini va hatto oila a’zolari bilan ham bu masala muhokama qilinmasligini aytdi.

“Maoshlar miqdori – qat’iy belgilangan maxfiy ma’lumot. Ommaviy axborot vositalaridagi xabarlar to‘g‘ri. Oyiga 4,5 million so‘m olaman. Masalan, Rossiya Davlat dumasidagi deputatlarning maoshi yuqori, har birining yordamchisi bor. Ish safarlari uchun ularga katta pul beriladi. Bizda esa bunday emas”, deya shikoyat qildi Qonunchilik palatasi deputati.

Deputat “Plastikda oyiga 10 mln so‘m qo‘shimcha pul olasizmi?” degan savolga javob bermadi va maoshlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik haqidagi hujjatni yana bir bor eslatdi.

Boshqa bir deputat esa oyiga 20 mln so‘m olishini ochiq aytdi, biroq barcha tafsilotlarga aniqlik kiritmadi. Yana bir deputat 16 mln so‘m maosh olishini ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, unda ilmiy daraja va unvonlar yo‘q.

2020 yilda Kun.uz Moliya vazirligidan deputatlarning daromadlari haqida ma’lumot olishga uringan, biroq bu borada aniq raqamlar taqdim etilmagandi. Xalq vakillari hisoblanuvchi deputat oyiga 40 mln so‘m maosh oladimi, 50 mln so‘m maosh oladimi, bu oshkor qilinmaydigan ma’lumot bo‘lmasligi kerak. Qonunchilik palatasi faoliyati davlat budjetidan moliyalashtiriladi. Bu yerda hech qanday sir bo‘lmasligi darkor. Aksincha, deputatlar, o‘z daromadlari haqida ochiq gapirishlari, bu borada O‘zbekistonning ko‘plab amaldorlari va davlat xizmatchilariga o‘rnak bo‘lishlari lozim.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi qonunda tashkilot faoliyatini moliyalashtirish davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Xususan, “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunda joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 394,5 mlrd so‘m miqdorida pul ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Bu yerda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi MChJ, AJ, qo‘shma korxona yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ emasligiga e’tibor qaratish lozim. Xalq tomonidan saylangan deputatlar faoliyat olib borayotgan tashkilotda hamma narsa ochiq va shaffof bo‘lishi kerak emasmi?

Top