Murojaatlar ortidan Andijon viloyatining Shahrixon va Baliqchi tumanlaridagi Barkamol avlod va Chanavoz mahallalarida bo‘ldik.
Qishning sovuq oylarida sifatsiz, past kuchlanishli elektrdan foydalanishga majbur aholi elektr tarmoqlari mutasaddilarining “Dasturga tushirdik, qishgacha transformator va simyog‘ochlar o‘rnatiladi” degan puch va’dalariga ishonishgani haqida kuyunib gapirishdi.
“Kuchlanish 90 voltga ham yetmaydi”
Murojaat ortidan borgan joyimiz – Baliqchi tumani Ko‘lbo‘yi qishlog‘i Chanavoz mahallasi ko‘chalaridagi qo‘lbola simyog‘ochlar o‘tgan asrda o‘rnatilgan ekan. Ko‘chalarni aylandik. Liniya nobopligidan elektr simlari pasayib ketgan. Aholi vakillari sifatsiz elektr ta’minoti orqasidan paydo bo‘layotgan muammolar haqida kuyunib gapirishdi.




“Bu simyog‘och va simlarni 31 yil oldin o‘z mablag‘imizga sotib olib o‘rnatgan edik. Yillar davomida ayanchli holga kelib qoldi. Qo‘llarimizni ko‘tarsak, salkam simga tegadi. Maktabga, bog‘chaga qatnaydigan bolalarimizdan xavotirda yashayapmiz. Kattaroq yuk mashinalari ko‘chalarimizga kirmaydi. Chunki simlar juda past holatda turibdi. Uzib ketishi mumkin”, – deydi Abdug‘affor Qoraboyev.


Mahalla ahli kechqurunlari elektr kuchlanishi o‘ta pasayib ketishi oqibatida maishiy texnika jihozlari, hatto televizor ham ishlamayotgani haqida shikoyat qilishdi.
“Tok pastligidan suv tortadigan motor ishlamaydi. Televizorlar qotib qoladi. O‘zim payvandchi ustaman. Payvand apparati, bolgarkalar umuman ishlamaydi. 2019 yildan buyon tuman, viloyat, Prezident qabulxonasiga murojaat qilamiz. Oxirgi murojaatimizdan keyin tuman elektr korxonasi boshlig‘i muammolar 2021 yil 4-choragida uzil-kesil bartaraf etilishini aytib, o‘z imzosi bilan javob xati bergandi. Mana, to‘rtinchi chorak tugayapti, harakatdan darak yo‘q”, – deydi Murodillo Rasulov.




















