O‘zbekiston | 22:18 / 20.04.2020
33616
4 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatadi. Ularga qancha oilaga yordam berishiga qarab imtiyozlar beriladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta'minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda aholining ijtimoiy himoyasi hamda qurilish va infratuzilma tarmoqlari faoliyati masalalari muhokama qilindi.

«Mamlakatimizda koronavirus epidemiyasiga qarshi o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ko‘plab hududlar bu xavfdan saqlab qolindi. Shunga qaramay, aksariyat viloyat va tumanlarda korxonalar o‘z ishini to‘xtatgan yoki to‘liq quvvat bilan ishlamayapti. Bu holat hududlar iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaga, oddiy qilib aytganda, aholi hayotiga salbiy ta'sir qilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta'minlash ko‘lamini yanada kengaytirish kerakligi ta'kidlandi.

Hozirgi pandemiya paytida ishsizlar, yordam va ko‘makka muhtoj aholi soni ortishi tabiiy. Turli mamlakatlar kasallikka qarshi kurashish barobarida ish joylarini saqlab qolish va iqtisodiyotni keskin tanazzulga uchramasligi uchun bor imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Butun dunyoda bo‘lgani kabi bu murakkab jarayon O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Albatta, xalqimizni ta'minlash uchun ham, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun ham mamlakatimizning zaxiralari va imkoniyatlari yetarli.

Shu bois prezident xalqning tarixiy va ma'naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda, «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.

«Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq», – dedi davlat rahbari.

Buning natijasida Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar manzilli bo‘ladi, iftorliklarga sarflanadigan mablag‘lar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam ta'minlangan qatlamlariga yo‘naltiriladi.

Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun, 10ta, boshqa biri esa 20ta oilaga ko‘maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a'zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan o‘z navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari,  zarur resurslar bilan ta'minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya'ni, bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari orqali ko‘rsatiladigan saxovat va ko‘mak bo‘ladi.

Bu jarayonda yirik korxonalar, ularning joylardagi tarkibiy bo‘linmalari, fermerlar va klaster xo‘jaliklari ham ixtiyoriy qatnashishi muhim ekanligi ta'kidlandi.

Ushbu tashabbus Savdo-sanoat palatasining joylardagi bo‘limlari, banklar, ijtimoiy muhofaza idoralari hamkorligida amalga oshirilishi belgilandi.

«Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylanishiga ishonaman», - dedi prezident.

Mavzuga oid