O‘zbekiston | 10:43 / 13.10.2022
25145
5 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryolik fermer norozilik sifatida tuman markazidagi bank binosi oldiga chorva mollarini haydab keldi

Fermer 2 mlrd so‘mga xorijdan zotdor mol olib kelganini, yetarlicha yer ajratilmagani uchun mollari och qolgani, mas’ullar esa uning murojaatlariga e’tibor berishmayotgani uchun shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lganini aytgan.

Videodan kadr

G‘uzor tumanidagi “G‘uzor quduq chorva” fermer xo‘jaligi raisi Hamza Toshtemirov chorva fermer xo‘jaligida yer maydoni mavjud emasligi va ozuqa mahsulotlari yetishmovchiligi tufayli “Xalq banki” G‘uzor tumani filiali binosi oldiga chorva mollarini haydab borganini aytib ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat qilgan.

Videomurojaatda, fermer 2 milliard so‘mga xorijdan zotdor mol olib kelganini, yetarlicha yer ajratilmagani uchun mollari och qolgani, oqibatda chorvasini tuman markazida joylashgan “Xalq banki” G‘uzor tumani filiali binosi oldiga haydab borishga qaror qilganini aytadi.

Fermer mollarini bank binosi oldiga 2022 yil 3 oktyabr kuni haydab borgan. Mazkur holat yuzasidan G‘uzor tumani IIB tomonidan to‘plangan hujjatlar o‘sha kunning o‘zida jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudida ko‘rilib, uning qaroriga asosan huquqbuzarga nisbatan BHMning 2 baravari miqdorida (600 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan.

Holat yuzasidan G‘uzor tumani hokimligi axborot xizmati munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, “G‘uzor quduq chorva” fermer xo‘jaligi tomonidan 2020 yil 28 may kuni AT “Xalq banki” G‘uzor filialidan ajratilgan 1 mlrd 877 mln so‘m miqdordagi kredit mablag‘i asosida Germaniyadan 67 bosh Aberdin Angus zotli qoramollari olib kelingan.

Kreditni ajratishda bank tomonidan fermer xo‘jaligida chorva mollari uchun ozuqa mahsulotlari yetishtirish uchun yer maydonlari yetarli ekani e’tiborga olingan.

“G‘uzor quduq chorva” fermer xo‘jaligiga 67,7 gektar, shundan 42,7 gektar sug‘oriladigan va 25 gektar lalmi yer maydonlari qonunda belgilangan tartibda tuman hokimi qarori va auksion bayonnomalari orqali ajratib berilgan.

Yer kodeksining 46-1-moddasi 1-qismi 3-bandida chorvachilik mahsulotini ishlab chiqarishga ixtisoslashganlarga ozuqa ekinlarini yetishtirish uchun shartli bir bosh qoramol uchun sug‘oriladigan yerdan kamida 30 sotix, lalmi yerdan 1 gektar o‘lchamda ajratilishi nazarda tutilgan. Ushbu qonun normalariga ko‘ra, “G‘uzor quduq chorva” fermer xo‘jaligi tomonidan keltirilgan 67 bosh chorva mollari uchun jami 18 gektar yer maydoni talab etiladi. Fermer xo‘jalikka 24,7 gektar sug‘oriladigan va 10 gektar lalmi yer maydoni me’yordan ortiq miqdorda ajratib berilgan.

«Bundan tashqari, fermer xo‘jaligi raisi H.Toshtemirov tomonidan tumandagi M.Rahmonov hududidagi 189q, 191 va 339-sonli konturlardagi jami 43,1 gektar sug‘oriladigan yer maydonlaridan uzoq vaqt hujjatsiz foydalanib kelinmoqda.

Mazkur yer maydonini fermer xo‘jalikka ajratib berish haqidagi og‘zaki murojaatiga javoban H.Toshtemirovga Prezidentning 2021 yil 8 iyundagi PF-6243-sonli qarori asosida mahalliy hokimliklardan yer berish vakolati olingani, fermer foydalanib kelayotgan ushbu yer maydonlarini auksion savdolari orqali olish tartibi tushuntirilgan», deyiladi munosabatda.

Munosabatda ma’lum qilinishicha, viloyat hokimining 2022 yil 5 avgustdagi 647-4-0-Q/22-sonli qarori asosida fermer hujjatsiz foydalanib kelgan 43,1 gektar sug‘oriladigan yer maydoni auksion savdosiga chiqarish uchun zaxiraga olingan. G‘uzor tumani hokimligining 2022 yil 13 avgustdagi 1-06/312-sonli xati “Qashvilerloyiha” institutiga yuborilgan va auksionga qo‘yilgan.

G‘uzor tumani hokimligi axborot xizmati fermerga doimiy ravishda yordam berib kelingani, unga bepul artezian qudug‘i qazib berilganini, shuningdek, ozuqa mahsulotlari masalasida yordam so‘rab qilingan murojaatiga asosan bepul beda, tabiiy xashak va makkajo‘xori ozuqa mahsulotlari uning xonadoniga yetkazilganini bildirgan.

Norozilik sifatida chorva mollarini ma’muriy binolarga haydab borish avval ham bir necha marta sodir bo‘lgan. Jumladan, 2021 yil aprel oyida Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi bir guruh odamlar o‘zlari foydalanib kelgan yaylovning klasterga berib yuborilishidan norozi bo‘lib, 1,5 ming bosh qo‘yni tuman hokimligi binosi oldiga haydab borgandi.

Bundan tashqari, 2021 yil iyun oyida Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida cho‘ponlar «Mubosher Laziz Azizbek fayz» MChJga tegishli bo‘lgan qo‘ylarni tuman hokimligi binosiga haydab kelgan. Ular ham chorvaga ozuqa yetishtirish uchun yer ajratilmaganiga norozilik tarzida shunday yo‘l tutishgan.

Mavzuga oid