Jamiyat | 13:55 / 22.04.2020
53546
9 daqiqa o‘qiladi

«Gazetada ishlasangiz, nega videotasvirga oldingiz?» - Farg‘onada jurnalist IIBga olib borildi

21 aprel kuni Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yashovchi jurnalist, «Ma'rifat» gazetasining viloyatdagi maxsus muxbiri Sharifaxon Madrahimovaga Uchko‘prik tuman hokimligi va tuman IIB xodimlari tomonidan bosim o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Kun.uz muxbiri voqea tafsilotlari haqida batafsil ma'lumot olish maqsadida jurnalist bilan bog‘landi.

Ma'lumki, shahar va tumanlarda aholiga arzon narxda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida yarmarkalar tashkil etiladi. Jurnalist 21 aprel kuni soat 9larda tuman markazidagi yarmarka va bozorchadagi holatni o‘z telefonida tasvirga  tushirmoqchi bo‘ladi. Bunga sabab, Uchko‘prik tumani hokimligi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali koronavirus pandemiyasi vaqtida aholiga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan yarmarkada sifatli mahsulotlar arzon narxlarda sotilayotgani haqida xabar tarqatgan edi.

Madrahimovaning aytishicha, savdo shoxobchasidagi holat boshqacharoq bo‘lgan.

«Donasi 500 so‘mdan deb narx yopishtirib qo‘yilgan tuxum olmoqchi bo‘lganimda, sotuvchi har bir odamga faqat 5 donadan sotilishini aytdi. Kilogrammi 42 ming so‘mdan bo‘lgan go‘sht o‘ta sifatsiz bo‘lib, sarg‘ayib uch-to‘rt kun turdi, birov olmadi. Chirishga kelgan kartoshkaning kilosi 2500 so‘m bo‘lib, foydalanishga yaraydigan emas edi. Uchko‘prik dehqon bozorida esa narx navo-qimmat.

Men Uchko‘prik tumani hokimligi axborot xizmati tomonidan yarmarkada arzon narxda oziq-ovqat mahsulotlari sotilayotgani haqida feysbukda xabar qo‘yilgach, post ostida o‘z e'tirozimizni bildirgan edim. Meni va tumanda yashovchi bloger Dilshodbek Daliyevning Uchko‘prikda ayni paytda narxlar qimmat ekanligi haqidagi  fikrlarimizga Uchko‘prik tumani hokimi Akmal Mahmudaliyev e'tiroz bildirib, bizni «faqat yomon tomonini ko‘rishda, yaxshi tomonini ko‘rmaslik»da aybladi. Shuning uchun haqiqiy holatni bilish maqsadida kecha yarmarkadagi holatni tasvirga olmoqchi bo‘ldim», deydi Sharifa Madrahimova.

Jurnalist yarmarkaga borib, holatni telefonida video va foto tasvirga olayotganida o‘zini «tuman hokimligi vakili», deya tanishtirgan Shohjahon Mo‘ydinov kelib telefonini tortib oladi. Tuman hokimligi vakili shu atrofda bo‘lgan IIB vakilini chaqiradi va IIB xodimi Sharifaxon Madrahimovaga shaxsini aniqlash uchun IIBga borish kerakligini aytadi. O‘sha paytda jurnalistning yonida guvohnomasi bo‘lmagan.

Madrahimova tuman IIBga olib boriladi. Uning yonida bo‘lgan turmush o‘rtog‘i u jurnalist ekanini tasdiqlovchi hujjatni olib kelish uchun uyga qaytadi.

«IIBga borganimizdan so‘ng turmush o‘rtog‘im u yerga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi tomonidan berilgan guvohnoma va «Ma'rifat» gazetasi muxbiri ekanim haqidagi hujjatlarni olib keldi. Hujjatlarni ko‘rgach, IIB xodimlari guvohnomalarda amal qilish muddati yo‘qligi, ular haqiqiyligini tasdiqlash kerakligini aytishdi. Men viloyat jurnalistlari ijodiy uyushmasiga a'zolik guvohnomasi boshqaruvchi Muhammadjon Obidov tomonidan berilgani, telefon qilib aniqlik kiritish mumkinligini aytdim. Xodimlar Muhammadjon Obidovga qo‘ng‘iroq qilishdi. U kishi esa «Guvohnomani qachonlardir berganmiz. Bu hujjat haqiqiy emas. Qonuniy chora, jazo ko‘raveringlar», dedi. Xona kichik bo‘lgani uchun uning ovozi bizga ham aniq eshitilib turardi. IIB xodimi «Mana Muhammadjon Obidov hujjat haqiqiy emasligini tasdiqladi», dedi.

Xodim «Ma'rifat» gazetasi guvohnomasini ko‘rib esa, «Gazetada ishlasangiz, nega videotasvirga oldingiz? Haqqingiz yo‘q», deya yana so‘roqqa tutdi. Unga jurnalist bo‘lmagan taqdirimda ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga egaligim haqida e'tiroz bildirdim.

Shundan ular tuman hokimiga aloqaga chiqishlarini aytishdi. So‘ng menga «Siz yarmarkani s'yomka qilayotganingizdan hokimning xabari yo‘q ekan-ku?», deyishdi. Men axir qaysi maqolani yozish yoki nimanidir tasvirga olish uchun hokimga hisob bermayman-ku? Tuman hokimligi va IIB xodimlari meni ushlab turishidan maqsad vaqtdan foydalanib yarmarkadagi haqiqiy holatni yoritmasligim uchun yarmarkani tarqatib yuborish, deb tushundim.

Hokimga o‘zim qo‘ng‘iroq qilib, yarmarkadagi narxlar bo‘yicha gaplarga e'tiroz qilgan edingiz, haqiqiy holatni yozmoqchi bo‘lganim, lekin qarshilik qilishayotganini aytdim. Hokim esa hozir selektordaligini, keyinroq gaplashishi mumkinligini aytdi. Yarim soat o‘tsa ham qo‘ng‘iroq qilmadi. IIB xodimiga ishim ko‘pligi, ketmasam bo‘lmasligini aytdim. Ular esa hokim telefon qilishini kutishdi. Hokimning ustidan shikoyat yozish uchun oq qog‘oz so‘raganimdan so‘ng, meni bo‘limdan chiqarib yuborishdi», deydi jurnalist.

Jurnalistning aytishicha, u ikki yarim soat davomida IIBda o‘tirganida hokimiyat vakillari vaqtdan foydalanib yarmarkani tarqatib yuborishgan.

Yarmarkada tasvirga tushirishga tuman hokimligi vakili tomonidan qarshilikka uchrab, ikki yarim soat ichki ishlar bo‘limida ushlab turilgan jurnalist hali huquq-tartibot idoralariga rasmiy murojaat qilmagan. Bo‘lib o‘tgan hodisa haqida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabardor bo‘lgan va agentlik Bosh prokuratura bilan birga masalani xolis va qonuniy o‘rganish ustida ishlamoqda.

Sharifaxon Madrahimovaning uyiga tuman IIB vakili kelib Uchko‘prik tumani hokimligi vakili Shohjaxon Mo‘ydinov uni tuhmat qilishda ayblab ariza bergani haqida ma'lum qilgan.

Uchko‘prik tumani hokimligi brifing tashkil qiladi

Uchko‘prik tumani hokimi Akmaljon Mahmudaliyev bilan bog‘langanimizda, u vaziyat bo‘yicha izoh hokimlik tomonidan tashkil etiladigan brifingda berilishini aytdi.

«Tuman hokimligida Sharifa Madrahimova bilan bo‘lgan voqea bo‘yicha brifing tashkil etiladi va barchasiga o‘sha brifingda batafsil oydinlik kiritiladi», dedi hokim.

U vaziyatni oydinlashtirish uchun brifingga tegishli IIB xodimlari ham chaqirtirilishini bildirdi.

Muhammadjon Obidov ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini masala chuqur o‘rganib chiqilmaguncha sabrli bo‘lishga chaqirdi.

«Sharifa Madrahimovaning intervyusini ko‘rdim. Unga qo‘yilayotgan postlarni ham o‘qib boryapman. Hurmatli bloger va feysbukdan foydalanuvchilarga «debdi-debdi» kabi «taxmin, faraz jurnalistikasi»dan masala o‘rganib chiqilguncha tiyilib turishni tavsiya qilardim. Masalan, Sharifaxon «Obidov undoq debdi, bundoq debdi» deya bayonot berishdan avval qo‘ng‘iroq qilib (telefon raqamimni bilar ekan, buni o‘zi ta'kidlabdi) bir og‘iz oydinlik kiritib olsa bo‘lardi-ku? Aftidan, karantin tufayli ko‘pchilik shov-shuvlarni sog‘inib qolgan yoki so‘rab-surishtirmasdan bir yoqlama xulosa chiqarish odatga aylanib qolayotgandek ko‘rinadi. Biroz sabr qilaylik-chi, aslida bor gap yuzaga chiqar.

Hozircha shuni aytmoqchimanki, Sharifa Madrahimovaning «Muhammadjon Obidov bu hujjat haqiqiy emas ekan debdi», degan gaplari g‘irt yolg‘on va tuhmatdan iborat», deya yozgan Farg‘ona jurnalistlar ijodiy uyushmasi rahbari Muhammadjon Obidov feysbukdagi sahifasida.

Holatni prokuratura o‘rganmoqda 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Hayotbek Shamsutdinovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha Uchko‘prik tumanida jurnalist Sharifa Madrahimova bilan yuz bergan holat Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda. O‘rganish ishlari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi.

Hozircha, Ichki ishlar vazirligi yoki uning hududiy organlari tomonidan holatga nisbatan munosabat bildirilmagan.

Tuman hokimligining brifingi va viloyat prokuraturasining o‘rganishlari yakuniga ko‘ra holat bo‘yicha yanada xolis ma'lumotlar taqdim etilishiga umid qilib qolamiz.    

Elmurod Ermatov
muxbir

Mavzuga oid