Sirdaryoda SEOM xodimlariga va'da qilingan salkam 750 million so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar to‘lab berilmagani ma'lum qilindi
Sirdaryoda viloyat hamda tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari xodimlariga va'da qilingan salkam 750 million so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar to‘lab berilmagan. Bu adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring davomida aniqlangan.
« Prezidentimizning joriy yilning 26 mart kuni qabul qilingan «Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4695-son qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tibbiyot xodimlarining lavozim maoshiga mehnatning sog‘liq uchun xavfliligi va og‘ir sharoitlari uchun belgilanadigan qo‘shimcha to‘lovlar miqdorini tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirish, shu bilan birgalikda, mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentini 5 foizga oshirgan holda qo‘llash orqali ularni moddiy rag‘batlantirish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 apreldagi PQ–3666-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomda adliya organlari doimiy ravishda normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoring qilib borishi belgilangan.
Shu maqsadda, joriy yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 apreldagi PQ-4695-son «Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining ijrosi monitoring qilindi.
Monitoring davomida viloyat hamda tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarida ish olib borayotgan xodimlarga jami 741 mln 200 ming 400 so‘m pul mablag‘lari to‘lab berilmaganligi aniqlandi», deya viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Azizjon Mavlonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Qayd etilishicha, viloyat, tuman (shahar) SEOM rahbarlari tomonidan prezident qarori talablariga rioya qilinmagan. Natijada viloyat, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarida ish olib borayotgan xodimlarga ustamalar to‘lanmasdan qolgan. Oqibatda viloyat, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarining xodimlari tomonidan noroziliklar keltirib chiqarmoqda.
Azizjon Mavlonov viloyat adliya boshqarmasi tomonidan viloyat, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari xodimlarga ustama pullarini to‘lab berilishini ta'minlash to‘g‘risida viloyat SEOM rahbari nomiga taqdimnoma kiritilganini ma'lum qildi.
Ko‘rilgan ta'sir choralari natijasida viloyat, tuman-shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarga 632 mln 956 ming 700 so‘m miqdoridagi pul qonunda belgilangan tartibda to‘lab berilgan. Hozirgi kunda qolgan 108 243 700 so‘m pul mablag‘larini qonunda belgilangan tartibda to‘lab berish choralari ko‘rilmoqda.
Mavzuga oid
18:31 / 23.09.2024
Qozog‘iston va O‘zbekiston Sirdaryoda 10 ta gidropost tashkil qiladi
08:00 / 13.09.2024
Sirdaryoda 2 yoshli bog‘cha bolasi vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
16:00 / 07.09.2024
Sirdaryo, Navoiy va Toshkent viloyatida “prava” olib berishni va’da qilganlar ushlandi
08:10 / 06.09.2024