21:01 / 18.09.2020
166376

Qashqadaryoda maktab direktori o‘z joniga qasd qilib, xatlar yozib qoldirdi

Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi maktablardan birining direktori maktab hududida o‘zini osib, o‘limidan oldin 3ta xat yozib qoldirdi. Xatlardan birida direktor maktab o‘qituvchilaridan «har qanday sharoitda ham korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik»ni so‘ragan.

Kun.uz Bosh prokuratura matbuot xizmatidan olgan ma'lumotga ko‘ra, 8 sentabr kuni Kitob tumani prokuraturasiga tumanning «Bog‘bon» MFYda yashovchi fuqaro Latif Eshqobilov va boshqalar murojaat qilib, jiyani Nurbek Turdiyev o‘z joniga qasd qilganini bildirgan va aybdor shaxslarga chora ko‘rishni so‘ragan.

Shu kuni tuman prokuraturasi voqea joyini ko‘zdan kechirgan.

Aniqlanishicha, Kitob tumani «Bog‘bon» MFY Yangiqishloq qishlog‘ida yashagan Nurbek Turdiyev tumandagi 13-sonli maktab direktori lavozimida ishlab kelib, 31 avgust kuni o‘zi rahbarlik qilgan maktabning ma'muriy binosi hojatxonasi boloriga arqondan sirtmoq yasab, o‘zini o‘zi osishi oqibatida vafot etgan.

«Tuman IIB xodimlari N.Turdiyevning o‘limi holatini aniqlash uchun marhumning uyiga borganlarida, uning yaqin qarindoshlari murdani sud-tibbiyot ekspertizasi ko‘rigidan o‘tkazmaslik maqsadida yurak xurujidan vafot etgani haqida aytishib, jasadni shu kunning o‘zida ko‘mib yuborishgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida tuman XTB, IIB, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash markazining tuman bo‘limi xodimlari harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Tekshiruv harakatlari davomida N.Turdiyevning o‘lim sababini aniqlash maqsadida jasadni eksgumatsiya qilish yo‘li orqali sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazish tushuntirilganda, marhumning yaqin qarindoshlari jasadni eksgumatsiya qilishga mutlaqo qarshi ekanliklarini bildirishgan», – deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz'ga taqdim etgan axborotda.

Qayd etilishicha, N.Turdiyev o‘limidan avval 3 nusxada tilxat yozib qoldirgan bo‘lib, hozirgi kunda ushbu tilxatlar marhumning tog‘asi Latif Eshqobilovda saqlanmoqda.

«Ushbu tilxatlarni tergovga qadar tekshiruv zaruratiga ko‘ra sudga oid xatshunoslik ekspertizasi tayinlash uchun taqdim qilish talab etilganda, L.Eshqobilov ushbu hujjatlarning nusxasini taqdim qilib, asl nusxalarini taqdim qilishdan bosh tortgan.

Mazkur tilxatlar ko‘zdan kechirilganda oila a'zolaridan rozi ekanligini, farzandlariga g‘amxo‘rlik qilishni, shuningdek, maktab o‘qituvchilaridan korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan», – deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

18 sentabr kuni Nasafnews.uz sayti ushbu ishga taalluqli deya aytilayotgan xat suratini e'lon qildi. Xatdan marhum direktor hamkasblariga murojaat qilib, ularni «har qanday sharoitda ham korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik»ga chaqirganini ko‘rish mumkin.

Foto: Nasafnews.uz

Daryo.uz'ga ko‘ra, marhum 47 yoshda bo‘lgan. Nashr Kitob tuman XTB mudiri Avloqul Avlayev bilan bog‘langan.

«Aprel yoki may oylari edi, marhumning IIBda ishlovchi ukasi Sh.T. yonimga kelib: «Akam ichkilikka berilib qolgan, davolatganmiz, ammo foydasi bo‘lmayapti. Shuning uchun ishdan bo‘shatib yuboring. Sizlarni ham, bizni ham qiynab qo‘ymoqda», dedi», – degan Avlayev.

Mudirning qo‘shimcha qilishicha, Nurbek Turdiyev tumandagi 13-maktabga 2018 yildan beri rahbarlik qilib kelgan.

Hodisa yuzasidan Kitob tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

Top