O‘zbekiston JSTga qo‘shilish doirasida Gurjiston bilan muzokaralarni yakunladi
Toshkentda Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish doirasida O‘zbekiston va Gurjiston o‘rtasida muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi.
Toshkentda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hamda Gurjiston bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Levan Davitashvili raisligida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Gruziya hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy va madaniy-humanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 500 mln dollarga yetkazishga kelishib oldi. Ushbu maqsadga erishish uchun ikki hafta muddatda o‘zaro savdo missiyalarini, ikki davlat sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalarini tashkil etish chora-tadbirlarini qamrab olgan 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash taklif etildi.
Gurjiston va O‘zbekistonning barcha hududlarini qo‘shma loyiha va tashabbuslarga jalb etib hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Birinchi bosqichda Samarqand va Batumi, Buxoro va Msxeta o‘rtasida ikki tomonlama sheriklik aloqalarini o‘rnatish taklif etildi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish dolzarbligini, uning doirasida ilg‘or farmatsevtika mahsulotlari, tayyor qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha klasterlar yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, «Boku-Tbilisi-Kars» transport yo‘lagi va Gurjistonning rivojlangan Qora dengiz bandargohi infratuzilmasidan foydalanishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha qator ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, yig‘ilish yakuniy bayonnomasi, O‘zbekiston hukumati va Gurjiston hukumati o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga qo‘shilishi doirasida Gurjiston va O‘zbekiston o‘rtasida tovar va xizmatlar bozoriga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.
Mavzuga oid
16:24 / 02.12.2024
O‘zbekiston JST a’zoligi bo‘yicha Filippin bilan muzokaralarni yakunladi
16:57 / 29.11.2024
O‘zbekiston Xitoy bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi
17:11 / 26.11.2024
"JST bu – adolatli savdo tizimi" - Jamshid Qo‘chqorov
22:12 / 22.11.2024