O‘zbekiston | 14:09 / 17.03.2020
49472
3 daqiqa o‘qiladi

«Hammasi yolg‘on!» - Vazirlik O‘zbekistonda koronavirusdan ilk o‘lim holati ro‘y bergani haqidagi xabarni rad etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirusdan ilk o‘lim holati ro‘y bergani haqida tarqalgan xabarga munosabat bildirdi.

Asosan Osiyodangi yangiliklarni yoritishga ixtisoslashgan Asia-times.org saytida «O‘zbekistonda bir keksa erkak koronavirusdan vafot etdi» (V Uzbekistane pervaya smert ot koronavirusa umer mujchina) sarlavhali xabar e'lon qilindi.

Unda 14 mart kuni koronavirus aniqlangan bemorlardan biri, keksa erkak 17 mart kuni vafot etgani haqida aytilgan. Xabarda manba sifatida «Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh sanitar vrachi Bahodir Yusupaliyev» nomi keltirilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev ushbu xabar bo‘yicha oydinlik kiritdi.

«Bu xabar mutlaqo asossiz, butkul yolg‘ondan iborat. Avvalo Bahodir Qahramonovich Yusupaliyev davlat bosh sanitar vrachi emas, vazirning birinchi o‘rinbosaridir. Ikkinchidan, saytimizda bunday xabar umuman e'lon qilinmagan. Eng muhimi, O‘zbekistonda koronavirus tufayli o‘lim holati qayd etilmadi, qayd etilmasin ham.

Yana bir bor eslatib o‘taman, vazirligimiz bu borada barcha rasmiy ma'lumotlarni tezkorlik bilan e'lon qilib bormoqda, hamisha eshiklarimiz ochiq, nafaqat kunlik, balki soatlik axborotni yetkazib turibmiz. Yurtdoshlarimizdan yolg‘on axborot tarqatish uchun javobgarlik mavjudligini, xorijiy OAVda bu masalaga jiddiy yondoshishlarini so‘rab qolardim», deydi u.

O‘zbekistonda 15 mart kuni koronavirusga chalingan ilk bemor qayd etildi. Ayni vaqtga kelib bunday bemorlar soni 10 nafarni tashkil qilmoqda.

O‘zbekistonga koronavirus uchta reys orqali kirib keldi.

Birinchisi, 11 mart kuni Parij-Toshkent reysi. Bu reys orqali uchgan shifokor ayol O‘zbekistonda o‘g‘li, qizi, turmush o‘rtog‘i, nabirasi va qarindoshiga virus yuqtirib ulgurdi (6 bemor).

Ikkinchisi, 15 mart kuni soat 05:15da Istanbul—Toshkent yo‘nalishidagi 274- reys (3 bemor).

Uchinchisi, 14 mart kuni London–Toshkent yo‘nalishidagi 201-reys (1 bemor). 

Bundan avvalroq Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov 16 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston shifoxonalarida 641 kishi karantinda saqlanayotgani, shuningdek, 6 mingga yaqin kishi uy sharoitida karantinga olingani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid