08:10 / 10.10.2022
22443

DXX tergovchilariga dastlabki tergov bo‘yicha qo‘shimcha vakolat beriladi

Foto: Kun.uz

“Madaniy boyliklar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

“Moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan moddiy madaniy meros obektlarini nobud qilganlik, buzganlik yoki ularga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, ushbu toifadagi ishlar tergovi prokuratura organlariga o‘tkazilgan.

O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar xalqlari badiiy, tarixiy va arxeologik boyligi hisoblangan ashyolarni O‘zbekiston hududiga qaytarmaslik (JK 169-2) jinoyati yuzasidan tergov prokuratura organlari tergovchilariga berilishi ushbu sohada yagona tergov amaliyoti shakllanishiga olib keladi. Jinoyat kodeksi 169-2-moddasi tergovi prokuratura organlariga tegishli ekani belgilanmoqda.

Madaniy meros obektlari himoyasi bilan bog‘liq tarixiy, ilmiy, badiiy yoki boshqa madaniy qimmatga ega bo‘lgan ashyo yoki hujjatlarni qonunga xilof ravishda egallash (JK 169-1) jinoyati asosan o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish ko‘rinishida uchramoqda. Bunda ashyolar o‘zlashtirilishi o‘ziga xos xususiyati saqlanayotgan moddiy madaniy meros ashyolari o‘xshash ashyolar bilan almashtirib qo‘yilishi orqali sodir etilmoqda. Turli tergov organlari vakolatlariga tegishli jinoyatlar sodir etish usullari belgilanayotganini inobatga olib, mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha dastlabki tergov ish qo‘zg‘atgan dastlabki tergov organi tomonidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq ekani aytiladi.

“Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonun 5-moddasida O‘zbekiston xalqi madaniy-tarixiy hamda boy ma’naviy merosini himoya qilish Davlat xavfsizlik xizmati faoliyati asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Jinoyat kodeksiga taklif etilayotgan 182-1-modda davlat chegarasi bilan bog‘liq bo‘lgani, ya’ni ushbu moddada nazarda tutilgan jinoyat Jinoyat kodeksi 182, 246-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyat bilan sodir etilishi va boshqa xususiyatlariga ko‘ra o‘xshashligi sababli, ushbu sohada dastlabki tergov Davlat xavfsizlik xizmati tergovchilariga berilishi maqsadga muvofiq ekani bildirilgan.

Qonun loyihasi qabul qilinishi O‘zbekiston hududida mamlakatdagi moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish, ular noqonuniy aylanmasi oldini olish, O‘zbekistonning jahon madaniyati va tarixiga qo‘shgan har tomonlama beqiyos hissasini saqlab qolish, kelajak avlodga yetkazishga hissa qo‘shadi.

Top