O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» formatidagi delegatsiyalar rahbarlari majlisida ishtirok etdi.

Tadbirda Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Hojamirat Geldimiratov ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, siyosiy muloqotni rivojlantirish, hududlararo aloqalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyov o‘z nutqida Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas tus olgan islohotlarning asosiy ustuvor vazifasi samarali faoliyat ko‘rsatadigan bozor mexanizmlariga, yuqori hayot darajasi va qulay turmush sharoitlariga ega kuchli huquqiy davlatni barpo etishdan iborat ekanini ta’kidladi.

«Biz erishgan muvaffaqiyatlarimiz bilan cheklanmaymiz va yangi o‘zgarishlar ko‘lamini yanada kengaytirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Bu o‘rinda gap, avvalo, qonunning so‘zsiz ustuvorligi, fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, inson huquqlari va gender tenglikni, so‘z va e’tiqod erkinligini ta’minlash haqida bormoqda», - dedi davlat rahbari.

Iqtisodiy sohada bundan buyon ham tadbirkorlar uchun eng qulay sharoitlarni yaratish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, raqobat va innovatsion biznes muhitining rivojlanishini rag‘batlantirish davom ettirilishi qayd etildi.

Yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy sheriklikni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev «birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit vujudga kelgani, bir necha o‘n yillar mobaynida yig‘ilib qolgan, hal etilishiga hech kim ishonmay qo‘ygan ko‘plab muammolar bir necha yil davomida bartaraf etilgani»ni ta’kidladi.

Bugun vaziyat tubdan o‘zgardi. Vizasiz rejim joriy qilindi, barcha o‘tkazish punktlari ochildi. Aviaqatnovlar va yer transportida tashishlar ko‘paydi.

Kooperatsiya aloqalari kuchayib bormoqda, yirik loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya kompaniyalari va boshqa moliyaviy vositalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.