Urganch shahridagi uylarning tomi ta'mirlanmay qoldi – tashqarida esa yomg‘ir-qorli kunlar eshik qoqmoqda
Xorazm viloyati markazi Urganch shahri, Jingovuz mahallasi, Jayhun ko‘chasidagi 42 va 44-uylarning tomini qayta ta'mirlash ishlari boshlangan, ammo oxirigacha yetkazilmagan. Uylarda istiqomat qiluvchi aholi yomg‘ir-qorli kunlar yaqin qolgani sababli bundan xavotir olmoqda.
Shu yilning aprel oyida uylarning fasad qismini va tomini qayta ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan edi. Fasadni ta'mirlash ishlari 100 foiz bajarilgan, ammo tom haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Xorazm viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, uylarning tomini ta'mirlash ishlari «Qadam ota Mardona» MChJga topshirilgan, biroq faqat 60 foizga bajarilgan, xolos. Xususan, tomga yog‘och karkas o‘rnatilgan, ammo navbat profnastil bilan yopishga kelganda ishlar to‘xtab qolgan.
«Qadam ota Mardona» MChJ rahbari Anvar Murodov bilan bog‘lanib, vaziyat bo‘yicha izoh olganimizda u tomni ta'mirlash ishlari mablag‘ tugagani tufayli to‘xtab qolganini aytdi.
«Jayhun ko‘chasidagi 42 va 44-uylarning tomini ta'mirlash ishlari Urganch shahar hokimligi tomonidan korxonamizga yuklatildi. Umumiy smeta xarajati 408 million so‘m qilib belgilandi. Bugungi kungacha korxonamiz tomonidan o‘z mablag‘imiz hisobiga 250 million so‘mlik ish bajarildi. Ammo hali bu pullarning 1 tiyinini ham olganimiz yo‘q. Mablag‘ yo‘qligi sababli qolgan ishlar to‘xtab qolgan», - dedi Murodov.
Uylarga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi «Urganch Shohruxbek kommunal servis» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (XUJMSh) raisi Otajon Bo‘ronovning so‘zlariga ko‘ra, 42 va 44-uylarning aholisi tomni ta'mirlash ishlari chala qolganidan xavotirda.
«42 va 44-uylar qish mavsumiga tayyor emas. Aslida shirkatimiz bu haqda kafolat xatini berishi kerak edi. Ammo tomni ta'mirlash ishlari tugatilmagani sababli, kafolat xatini berolmaymiz. Yozda qattiq yog‘ingarchilikda xonadonlar devoridan chakka o‘tgani tufayli odamlar moddiy zarar ko‘rgan holatlar bo‘ldi. Kuzda ham bu holat takrorlanmaydi deb hech kim kafolat berolmaydi. Albatta xonadon egalari bundan xavotirda», - dedi Bo‘ronov.
Urganch shahar hokimligi Jayhun ko‘chasidagi 42 va 44-uylar bilan bog‘liq muammodan xabardor. Qurilish ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Komiljon Shomurodov mablag‘ masalasida ko‘mak berishni va'da qildi.
«Darhaqiqat, Jayhun ko‘chasidagi 42 va 44-uylarning tomini ta'mirlash ishlari chala qolgan edi. Tomdan chakka o‘tgani masalasiga kelsak, yozda shirkat tomonidan bu muammo bartaraf qilindi. Endi yomg‘ir-qorda chakka o‘tmaydi. Tomni to‘liq ta'mirlash bo‘yicha mablag‘ bilan ta'minlash masalasini shahar hokimi bilan muhokama qilamiz. Bu muammoga kredit mablag‘larini jalb qilib, yechim topishimiz mumkin yoki boshqa imkoniyatdan foydalanamiz», - dedi Shomurodov.
Albatta yomg‘ir-qorli mavsum arafasida uylarning tomini ta'mirlash ishlari yakunlanmagani xavotirli holat. Bunda yo‘l qo‘yilgan sustkashlik ertaga yanada kattaroq, ko‘proq xarajat talab qiladigan muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Umid qilamizki, Urganch shahar hokimligi masalaning yechimini topib, quruvchi tashkilotni mablag‘ bilan ta'minlaydi. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati uylarning qishki mavsumga tayyorligini maromiga yetkazib, kafolat xatini beradi. Odamlarning xavotiriga esa barham beriladi.
Kun.uz muxbiri Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
10:11 / 18.12.2024
Uy-joy qurilishida yangi tizim joriy etilishi mumkin
17:03 / 04.12.2024
Termitlar tufayli yaroqsiz holga kelgan uy egalariga boshqa uy-joy beriladi
18:32 / 02.12.2024