O‘zbekiston | 18:18 / 31.10.2024
20389
8 daqiqa o‘qiladi

Ozodbek Nazarbekov va Hilola Umarova vazirlikdan ketib, deputat bo‘lgani haqidagi xabarlar rad etildi

Parlamentga saylangan deputatlar ro‘yxati e’lon qilindi. Unda vazirlar yo‘q.

Fotokollaj / Manba

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova lavozimini tark etib, deputatlikni tanlaganliklari haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda AOKA matbuot xizmati ma’lum qildi.

«Davlat ro‘yxatidan o‘tgan OAVda Oliy Majlis qonunchilik palatasiga deputatlikka O‘zLiDePdan nomzodi qo‘yilgan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda «Milliy Tiklanish» partiyasidan nomzod, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovlarning lavozimlaridan ketganliklari va deputatlikni tanlaganlari to‘g‘risida yoritilgan asossiz xabar ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar orqali tarqatilmoqda.

Mazkur xabarlar haqiqatga mos kelmasligini hamda mutasaddi lavozimda bo‘lgan deputatlikka nomzodlar haqida tegishli ma’lumotlar Markaziy saylov komissiyasi yoki partiyalarning rasmiy sahifalarida xabar berilishini ma’lum qilamiz», deyiladi xabarda.

Shu kuni Markaziy saylov komissiyasining bir mandatli saylov okrugi hamda yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasiga partiyalar ro‘yxati asosida saylangan deputatlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qarori qabul qilindi

Bir mandatli saylov okruglarida saylangan deputatlar ro‘yxatida vazirlar yo‘q. Bu esa partiyalar ro‘yxatidagi vazirlar va boshqa rahbarlar mandatidan ixtiyoriy voz kechishganini anglatadi.

Ro‘yxatga ko‘ra, beshta partiya raislari – O‘zLiDeP partiyasi raisi Aktam Hayitov, «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirov, Ekologiya partiyasi raisi Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatov hamda «Adolat» SDP raisi Robaxon Mahmudova deputat etib saylangan. Shuningdek, Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov (XDP), uning o‘rinbosari Akmal Saidov («Milliy tiklanish»), Narimon Umarov («Adolat»), Boriy Alixanov (Ekopartiya) ham yagona saylov okrugi bo‘yicha deputat etib saylangan. 

Ayrim senatorlar deputatlikka o‘tgan, shuningdek, prezident administratsiyasi xodimlari orasidan ham deputat bo‘lganlar bor. Xususan, O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Rahimjon Hakimov O‘zLiDep ro‘yxati bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan.

Saylov yakunlari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlariga saylovlarda jami 15 mln 27 ming 529 nafar saylovchi ovoz berdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 74,72 foizini tashkil etadi.

Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 31 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Saylov kodeksiga muvofiq, parlament quyi palatasiga saylov yakunlari ko‘rib chiqildi va bir mandatli saylov okruglaridan saylangan 75 nafar hamda yagona saylov okrugidan partiya ro‘yxati asosida saylangan 75 nafar, jami 150 nafar deputat ro‘yxatga olindi.

Yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi natijalari bo‘yicha:

  1. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – 26 ta;
  2. O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi – 14 ta;
  3. O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 10 ta;
  4. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 13 ta;
  5. O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi – 12 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi.

Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylangan 75 nafar deputatlar tarkibining partiyaviy mansubligi quyidagicha:

  1. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – 38 nafar;
  2. O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi – 15 nafar;
  3. O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi – 9 nafar;
  4. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 7 nafar;
  5. O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 6 nafar deputat etib saylandi. 

Deputatlikka nomzodlarga va partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylangan jami 150 nafar deputatlar tarkibining partiyaviy mansubligi quyidagicha:

  1. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan – 64 ta o‘rin yoki 42,7 foiz;
  2. O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan – 29 ta o‘rin yoki 19,3 foiz;
  3. O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan – 21 ta o‘rin yoki 14 foiz; 
  4. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 20 ta o‘rin yoki 13,3 foiz;
  5. O‘zbekiston Ekologik partiyasidan – 16 ta yoki 10,7 foiz o‘rin egalladi.

Majlisda Qonunchilik palatasiga saylov natijalariga ko‘ra, parlament quyi palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilangani qayd etilgan.

Qonunchilik palatasiga yangidan saylangan deputatlarning sifat tarkibi quyidagicha:

Saylangan deputatlarning 38 foizini xotin-qizlar tashkil etib, bu O‘zbekiston tarixida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

Deputatlarning 2 nafari – 30 yoshgacha, 38,6 foizi – 30 yoshdan 45 yoshgacha, 46,6 foizi – 45 yoshdan 60 yoshgacha, 13,3 foizi – 60 yoshdan kattalarni tashkil etadi.

Mamlakatimizda yashayotgan boshqa millat vakillari saylangan deputatlarning 12,7 foizini tashkil qiladi. Shu jumladan, ulardan 5 nafari rus, 3 nafardan qozoq va tojik, 2 nafari koreys, 1 nafardan turkman va qirg‘iz millatiga mansub.

Deputatlarning barchasi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 15 foizi xorijiy davlatlarda tahsil olgan.

Ularning 30 foizi – iqtisodchilar, 22 foizi – huquqshunoslar, 18,7 foizi – pedagoglar, 12 foizi – muhandislar, 9,3 foizi – tibbiyot sohasi vakillari, 8 foizini esa – madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlar tashkil etadi.

Deputatlarning 35 foizi ilmiy darajaga ega.

Ilk bor 3 nafar nogironligi bor shaxslar deputat etib saylandi.

Hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan ham mahalliy Kengashlar saylovlarining yakunlari chiqarildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar Kengashlariga saylov natijalariga ko‘ra, mahalliy Kengashlar tarkibi 59,2 foizga yangilandi.

Yangi saylangan deputatlarning 32,6 foizi xotin-qizlarni tashkil qildi.

Deputatlarning 4 foizi – 30 yoshgacha, 39,5 foizi – 30 yoshdan 45 yoshgacha, 40,8 foizi – 45 yoshdan 60 yoshgacha, 15,7 foizi – 60 yoshdan kattalarni tashkil etadi.

Mamlakatimizda yashayotgan boshqa millat vakillari saylangan nomzodlarning 11,2 foizini tashkil qiladi. Shu jumladan, ulardan 175 nafari tojik, 111 nafari qozoq, 33 nafari turkman, 29 nafari rus, 21 nafari qirg‘iz va boshqa millatga mansub.

Deputatlarning 93,3 foizi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 36,2 foizi – pedagoglar, 18,2 foizi – iqtisodchilar, 13 foizi –muhandislar, 7,6 foizi – shifokorlar, 5 foizi – huquqshunoslar, 20 foizini – madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlar tashkil etadi.

Nomzodlarning 4,4 foizi ilmiy darajaga ega.

138 nafar nogironligi bor shaxslar mahalliy Kengashlar deputati etib saylandi.

Shuningdek, majlisda Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining guvohnomasi va ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashga oid masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Mavzuga oid