Kun.uz tahririyatiga Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumani, Sanam mahallasi Eski Shildir qishlog‘i ahli ishlamayotgan bolalar bog‘chasi borasida tahririyatimizga murojaat tushdi. Qishloqdagi 13-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasi kapital ta'mirdan chiqarilgan bo‘lsa-da, hamon faoliyat boshlamayapti.
Aytilgan bolalar bog‘chasiga borib guvoh bo‘ldikki, chindan ham bog‘cha kapital ta'mirdan chiqarilgan bo‘lib, u zamonaviy va ko‘rkam qiyofa kasb etgan.

Ta'lim muassasasi mudirasini o‘z ish joyidan topa olmadik. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, rahbar tumanda o‘tayotgan amaliy seminarda ishtirok etayotgan ekan.


Bizni muassasa hovlisida kutib olgan murojaatchilar nomidan vakil, shu qishloqda istiqomat qiluvchi Saidjon Ismoilov bizga quyidagilarni so‘zlab berdi:

«Qishlog‘imizdagi ushbu bog‘chani qurish ishlari 2020 yilni boshlarida boshlanib, oktyabr oylarida yakuniga yetgan. Ochilish marosimi bo‘lishi kerak edi, biroq oydan-oyga surilib kelyapti. So‘rab-surishtirdik, bilsak — qurilishga ajratilgan mablag‘ to‘liq o‘tkazdirib berilmaganligi sababli, bog‘chaga o‘rnatiladigan podstansiya va qorovulxonaning qurilishi bitmabdi. Hozir podstansiyani olib kelib berishdi. Endi ustunlarga qarab turibmiz. 15 aprel kuni ochilish marosimi qilish kerak. Xalq bolalarimiz qachon bog‘chaga qabul qilinadi, deb ko‘p talab qilmoqda».
Saidjon Ismoilovning bildirishicha, maktabgacha ta'lim muassasasiga o‘rnatilishi kerak bo‘lgan transformator uchun olti dona tayanch ustunlari kerak bo‘lmoqda.
Qolaversa, bog‘cha qorovulxonasini qurilishi hamon boshlanmagan. Uni ham tezlashtirish kerak. Bu borada mahalla ahli tegishli davlat idoralariga — tuman hokimligi, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limiga murojaat qilgan biroq ushbu idoralar fuqarolarning yozma murojaatlariga umuman javob qaytarmagan. Hudud tuman prokurorining sektoriga kiradi. Aholi prokurorga ham murojaat qilgan. Sektor rahbariyati ham har safar odamlarni «qilinadi», deya ortga qaytaradi.



















