2017 yil 7 aprel kuni “Jamiyat” gazetasida “Maqsad odamlarni ish bilan ta'minlashmi yoki ustidan kulish?” sarlavhali maqola e'lon qilindi. Unda Tashqi migratsiya agentligi bilan bog‘liq masalalar haqida so‘z yuritilgan. Quyida ushbu maqola e'tiboringizga havola etiladi.

Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining ma'lum qilishicha, ayni paytda o‘zbekistonliklar dunyoning o‘ttizga yaqin mamlakatida xususiy mehnat shartnomasi asosida mehnat qilishmoqda. Bundan tashqari, davlatlararo, hukumatlararo kelishuvlar, bitimlar doirasida yurtdoshlarimizning Janubiy Koreya, Yaponiya, Polsha, Rossiyada ishlashiga sharoit yaratilgan. Jumladan, 2006 yili O‘zbekiston hamda Koreya Respublikalari Mehnat vazirliklari o‘rtasida Janubiy Koreyaga bandlikka ruxsat berish (erkin yollash) tizimi bo‘yicha ishchi yuborish to‘g‘risida Memorandum imzolangan bo‘lib, mazkur kelishuvga binoan 2007—2016-yillar davomida 27 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi Koreya Respublikasida ishga yuborilgan. Shundan 17 ming nafari hozir mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.

Memorandumga asosan Janubiy Koreyada ishlashga boruvchilarga nisbatan bir qancha talablar qo‘yilgan. Xususan, nomzodlar 19—39 yoshda, sog‘lom, sudlanmagan, muqaddam Koreya Respublikasida chiqarib yuborilmagan bo‘lishi hamda koreys tilini so‘zlashuv va fikrini tushuntira olish darajasida bilishi lozim. Nomzodlarning koreys tilini bilish darajasi koreys tili bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari orqali aniqlashtiriladi. Bu Koreya tomonining talabidir.

Mana, bir necha yildirki, koreys tili bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari yurtdoshlarimizning ko‘plab e'tirozlariga sabab bo‘lib keladi. O‘tgan vaqt davomida test sinovlarida qatnashish huquqini beruvchi hujjatni pullash, imtihon natijalari soxtalashtirish, mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish kabi ko‘plab noxushliklar kuzatilgan va huquq-tartibot organlari tomonidan qonunbuzarlarning jinoiy qilmishlariga ma'lum ma'noda chek qo‘yilgan edi. Ana shu muammolar, shuningdek, turli qalloblik va firibgarliklarning oldini olish maqsadida ro‘yxatga olish va test tizimi elektronlashtirildi. Biroq bu ham masalaning yechimi bo‘ldi, deb aytolmaymiz. Ayniqsa, joriy yilgi sinovlarda kuzatilgan kamchiliklar buni yaqqol ko‘rsatib berdi.

TeXNIK KAMChILIKLAR

“Janubiy Koreyaga bandlikka ruxsat berish (erkin yollash) tizimi bo‘yicha ishchi yuborish to‘g‘risida”gi Memorandumga asosan test sinovlarida qatnashuvchilarni ro‘yxatga olish Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi zimmasiga yuklatilgan. Shunga ko‘ra 2017 yilning 22 mart kuni agentlik rasmiy saytida Koreyaga ishga borish istagida bo‘lgan fuqarolar onlayn ro‘yxatga olinishi haqida xabar qilindi. Xabarda ro‘yxatga olish ikki bosqichda o‘tkazilishi aytilgan bo‘lib, 27-28 martga mo‘ljallangan birinchi bosqichda nomzodlar onlayn ravishda anketa to‘ldirishi, 29-30 mart kunlari bo‘ladigan ikkinchi bosqichda esa koreys tilidan onlayn savol-javobda ishtirok etishi belgilangandi. Shunday bo‘ldi ham.