Jamiyat | 11:24 / 28.05.2019
22389
6 daqiqa o‘qiladi

Urganch shahrida aholi qabriston va qurilish obekti orasida qolib, aziyat chekmoqda

Xorazm viloyati markazi Urganch shahridagi Yog‘du va Ishchilar ko‘chasida istiqomat qiluvchi bir necha oilalar Kun.Uz tahririyatiga murojaat etishdi. Ular uy-joylariga juda yaqin bo‘lgan hududda qurilish ishlari olib borilayotgani, natijada, kirish-chiqish uchun mo‘ljallangan yagona yo‘ldan o‘tish xavfli bo‘lib qolgani, shahar hokimligi esa o‘zlarini ko‘chirib yuborish va kompensatsiya to‘lash ishlarini paysalga solib kelayotganidan shikoyat qilishdi.

Yog‘du va Ishchilar ko‘chasida istiqomat qiluvchi Jumaboy Atayev, Jasur Atayev, Shohruh Atayev, Amina Bekmanova, Javlon Yaqubov, Ishchilar ko‘chasida yashovchi Shavkat Ibragimov oilasi bilan uchrashib, murojaat mazmunini o‘rgandik, vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qildik.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yildagi PQ-1874 qarori bilan Urganch shahrining bosh rejasi tasdiqlangan bo‘lib, unga asosan 10-sonli «Navbahor» mahallasiga kiruvchi Yog‘du va Ishchilar ko‘chasidagi eski binolar o‘rniga ko‘pqavatli turar joylar qurilishi belgilab berilgan.

2017 yilda Good Rival MChJ tomonidan bu hududdagi 1700 kv.m. yer maydonida ko‘pqavatli bino qurilishi boshlangan.

Aholi uchun muammolar shundan keyin paydo bo‘lgan. Pudratchi tashkilotning qurilish me'yoriy talablariga rioya qilmasligi, ya'ni qurilish ketayotgan hudud atrofini o‘rab, yopib qo‘ymasligi oqibatida yaqin atrofdagi uy-joylarda istiqomat qiluvchi aholining hayoti uchun xavfli bo‘lgan holatlar yuzaga kelgan. Bundan tashqari, hududga kirish-chiqish uchun mo‘ljallangan yagona yo‘l qurilish transporti, kran bilan to‘sib qo‘yilgan. Natijada, aholining uy-joylarga xavfsiz kirib-chiqish imkoniyati cheklangan.  

Qayd qilish joizki, bu huddudda juda eski qabriston ham bor. U ko‘p yillardan beri yopiq bo‘lsa-da, aholi yashaydigan hududga juda yaqin joylashgan. Bizga murojaat qilgan aholining uy-joylari yangi qurilayotgan bino va mana shu qabriston o‘rtasida qolib ketgan.

Bu holat yuzasidan Good Rival MChJ rahbari Bobur Ismoilovdan izoh oldik.

«Qurilishni boshlash uchun Urganch shahar hokimligi, Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasidan va boshqa tegishli tashkilotlardan barcha ruxsatnomalar olingan. Bundan tashqari, murojaatchilar istiqomat qilayotgan hudud bizga ajratilgan yer maydoniga kirmaydi. Bizga ajratilgan yer maydonidagi aholini ko‘chirish bilan bog‘liq barcha ishlarni bajarganmiz, kompensatsiya pullarini Urganch shahar hokimligiga o‘tkazib berganmiz. Bu uyni esa tezroq qurib bitkazishimiz kerak, chunki mijozlardan pulini olib qo‘yganmiz. Bu hududdagi aholini ko‘chirib yuborish, ularga yer ajratish va kompensatsiya to‘lash korxonamiz vakolatiga kirmaydi», - dedi Ismoilov.

Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasidan (DAQN) qurilishning me'yoriy talablarini bajarmagan Good Rival MChJga nima uchun qurilishni boshlashga ruxsat berilgani bilan qiziqdik. DAQN rahbari Beknazar Qurbonov vaziyatga quyidagicha izoh berdi.

«Good Rival MChJga qurilish uchun ruxsat berilishi «Yagona darcha» - Davlat xizmatlari markazi talabi bilan bog‘liq. Avvalroq, tadbirkorlarga qurilishni boshlash uchun ruxsatnoma 1 kun ichida berilishi shart edi. Qurilish obektlari sonining ko‘pligi sababli, ba'zan shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ygan holda, Good Rival MChJga ruxsatnoma berib yuborilgan. Hozirgi kunda vaziyat o‘zgargan, ruxsatnomani berishga 5 ish kuni ajratilgan. Yog‘du ko‘chasidagi bu holat bo‘yicha Good Rival MChJ rahbaridan tushuntirish xatini oldik. Qurilish me'yoriy talablarini bajarmagani, atrofni to‘sib qo‘ymasdan ish boshlagani uchun qurilishni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilib, ogohlantirish xatini berganmiz», - dedi Qurbonov.

Yog‘du ko‘chasida istiqomat qiluvchi oilalar bu hududdan o‘zlarini tezroq ko‘chirib yuborilishini istayaptilar.

«Bu hududda qurilish boshlanganidan beri sarsonmiz. Goh yo‘limiz yopilib qoladi, goh ochiladi. Ba'zan qurilish krani bilan to‘siladi. Bolalarimiz esa shu yo‘ldan o‘tib maktabga borishi kerak, bundan xavotir olamiz. Eski qabriston ham yaqin, yozda chang-to‘zon ko‘tariladi, uyimizga kirib ketadi. Shu havodan nafas olyapmiz. Bizga yer ajratilib, kompensatsiya to‘lanib, tezroq ko‘chirib yuborishsa yaxshi bo‘lardi, boshimiz g‘avg‘odan qutulardi», - dedi shu hududda yashovchi Jumaboy Atayev.

Urganch shahar hokimligi qoshida tashkil qilingan yer berish va realizatsiya qilish masalalarini ko‘rib chiquvchi doimiy ishlovchi komissiyasi Yog‘du ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolarni bir necha marotaba muhokamaga chaqirgan. Ammo ularga yer ajratish va kompensatsiya to‘lab, bu hududdan ko‘chirib yuborish ishlari deyarli ikki yildan beri to‘xtab turibdi. Bu vaqt mobaynida, narx-navolar o‘zgarishi sababli, turar joy egalari o‘ziga tegishli bo‘lgan mulkni bir emas, uch marta baholash firmalarida baholatib olishgan. Bu esa ozmuncha mablag‘ talab qilmaydi. Afsuski, ish shu paytgacha bir qadam ham oldinga siljimagan. Qurilish ishlari esa hanuzgacha davom etmoqda...

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid