O‘zbekiston | 22:02 / 11.05.2022
32330
5 daqiqa o‘qiladi

G‘alla islohoti bozorda un narxini oshirmaydi - iqtisodchi

G‘alla siyosatidagi yangi tizim amalda ishlasa, un va non narxi muvozanatlashadi, hatto asta-sekin arzonlashishi ham mumkin. “Un qimmat bo‘ladi deb vahima qilishga umuman asos yo‘q”, deydi iqtisodchi Otabek Bakirov. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zgarishlar faqat 2018 yilda erkinlashmay qolgan qolipli non narxiga ta’sir qilishi mumkin. Kun.uz suhbatlashgan fermerlar yetishtirgan bug‘doylarini yillar davomida davlatga asl narxidan karrasiga arzonga sotib kelgani, bu esa hatto xarajatlarini ham qoplamaganini aytdi.

Foto: 123RF

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 may kungi yig‘ilishda g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishini e’lon qildi.

“Bugun xalqimiz, fermer-dehqonlarimiz anchadan buyon kutgan ushbu islohotlarimizning yangi bosqichini boshlaymiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, 1 iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tamiz.

Shuningdek, fermer va klasterlar o‘zlari yetishtirgan g‘allasini birja savdolariga olib chiqishlari uchun ham barcha imkoniyatlar yaratiladi”, dedi prezident.

Bu yil davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doyga 3 mln so‘m to‘lanadi, bu – o‘tgan yilgidan 2 barobarga yuqori. Sotib olingan bug‘doy oyma-oy birjaga chiqariladi va agar narxlar oshsa, fermerlarga o‘rtadagi ijobiy farq ham to‘lab beriladi.

Kun.uz bu islohotning fermerlar va klasterlarga qanday imkoniyatlar yaratishi, g‘alla islohotining non narxiga ta’siri bo‘yicha iqtisodchi Otabek Bakirov va viloyatlardagi fermerlar fikri bilan qiziqdi.

Ta’kidlash kerakki, huquqiy jihatdan shu paytgacha ham fermerlar o‘zi yetishtirgan mahsulotni erkin, bozor narxlarida sotish huquqiga ega edi, biroq amalda davlat ehtiyojlari uchun yetishtirilgan mahsulotga narx bozor tamoyillariga rioya etmasdan, markazlashgan holda ma’muriy usul bilan belgilanib kelindi. Bu esa fermerlarning jiddiy ziyon ko‘rishlariga sabab bo‘lgan.

Otabek Bakirov, iqtisodchi:

— G‘alla islohotining erkin bozordagi un va non narxlariga hech qanday ta’siri bo‘lmaydi. Chunki busiz ham un va non to‘liq bozor shartlarida ishlayapti.

Subsidiyalanadigan un (arzonlashtirilgan un) tarqatish tizimi tugatiladi. Busiz ham bu tizim amalda ishlamayotgan edi. Oxirgi 2 yilda (pandemiya davrida bir muddat ishladi) kimdir arzonlashtirilgan un olganini ko‘rganim ham, eshitganim ham yo‘q.

Yagona ta’sir sezilishi mumkin bo‘lgan narxlar bu – buxanka (qolipli non) narxlari bo‘ladi. Buxanka narxlari 2018 yilda “erkinlashtirilgan” deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, amalda subsidiyalashtirib kelingan.

Non narxi oshadi, un qimmat bo‘ladi deb vahima qilishga umuman asos yo‘q. Aksincha, agar bugun aytilgan gaplar amalda ishlasa, un va non narxi muvozanatlashadi va sekin-asta arzonlashadi ham.

Olmos Rahimov Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi Olmos Rahimov dalasi fermer xo‘jaligi rahbari:

— Davlat g‘allani adolatli narxda olsa, davlatdan ham, soliqlardan ham qarzdorlikka kirmaymiz. G‘alla arzon narxda davlat tomonidan olingani sababli sotib olayotgan mineral o‘g‘itlar va salyarka narxlariga mablag‘imiz yetishmas edi. Chunki o‘g‘itlarni biz bozor narxida xarid qilganmiz.

Masalan, o‘tgan yili davlatga g‘allamizni 1550 so‘mdan sotgan edik, bozorda esa narx 3000 so‘m edi. Agar g‘allamizni bozor narxida sotsak, hamma xarajatlarimiz qoplanadi. Shu paytgacha ko‘p fermerlarning daromadi mineral o‘g‘itga to‘laydigan summasini ham qoplamay, qarzdorlikka kirib qolishardi.

Sherzod Xoldorov Namangan viloyati Mingbuloq tumanidagi Sherzod Xoldorov fermer xo‘jaligi rahbari:

— O‘tgan 2021 yilda fermerlar g‘allani davlatga 1550 so‘mdan sotgandi. O‘g‘itga ham mablag‘imiz yetmagan. Somon sotib, xarajatlarning bir qismini qoplaganmiz. Yangi o‘zgarishlar bo‘yicha, agar menda ortiqcha 100-150 tonna bug‘doy qoladigan bo‘lsa, uyimda ularni saqlamay, don saqlash korxonalaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri birjaga olib chiqib sotishim mumkin. Bu ham qulay, ham moliyaviy jihatdan katta yordam bo‘ladi.

Davlat bizdan bug‘doyni arzon narxlarda sotib olgani bilan, bozordagi un narxi qimmat edi. Ya’ni erkin bozor narxlari asosida un narxi shakllanib kelgan. Doimiy ishchilarimizga ham xizmat haqqi evaziga 2 tonnadan 4 tonnagacha bug‘doy berib kelganmiz.

Fermer boy bo‘lsa, xalq ham boy bo‘ladi. Agar qo‘shimcha mablag‘larimiz bo‘lsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatamiz, maktab, bog‘cha kabi ijtimoiy muassasalarni ta’minlashga ko‘proq pul ajratishimiz mumkin.

Mavzuga oid