O‘zbekiston | 10:52 / 22.10.2022
20812
4 daqiqa o‘qiladi

Qarshi shahrining sobiq hokimi ustidan jinoyat ishi ochilgan. Sud uni qamoqda saqlashga rozi bo‘lmadi

Jamshid Fozilov jinoiy sheriklari bilan 54 ta holatda noqonuniy yer ajratib, 60,5 mlrd so‘mni talon-toroj qilganlikda gumonlanyapti. Qarshi shahar sudi sobiq hokimga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llashni rad etib, uni uy qamog‘iga yubordi. Prokuror viloyat sudiga protest kiritdi.

Jamshid Fozilov / Foto: Kun.uz

Qarshi shahrining sobiq hokimi Jamshid Fozilov korrupsion jinoyatda gumonlanmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, u avvaliga qamoqqa olingan, lekin sud uni ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlab turish bo‘yicha prokuraturaning iltimosnomasini rad etgan va gumonlanuvchini uy qamog‘iga yuborgan.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi axborotiga ko‘ra, Jamshid Fozilov 2016 yil 9 iyuldan 2019 yil 26 oktyabrgacha Qarshi shahar hokimi lavozimida bo‘lgan. Bu vaqt mobaynida u mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, yerlarni noqonuniy berib yuborishda gumonlanyapti.

Ma’lum qilinishicha, sobiq amaldor Qarshi shahar hokimligi huzuridagi Yer uchastkalarini egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zolari – shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari U.Avazov, shahar hokimligi bosh yuriskonsulti Sh.Buxarov, shahar bosh arxitektori Sh.Bo‘ronov, Davlat kadastrlari palatasi Qarshi shahar filiali boshlig‘i M.Xushov va boshqalar bilan Qarshi shahri hududidagi yer maydonlari va boshqa infratuzilma obektlarini noqonuniy ravishda soxta hujjatlar asosida berish haqida oldindan jinoiy til biriktirgan bo‘lishi mumkin.

Natijada 2018-2019 yillar davomida 54 ta holatda umumiy qiymati 60 mlrd 512 mln bo‘lgan jami 463.212,13 m2 yer uchastkalari jinoiy guruh a’zolari tomonidan Vazirlar Mahkamasining o‘z kuchini yo‘qotgan qarorlariga yoki qaror qabul qilishda asos bo‘lmagan boshqa soxta ma’lumot va yozuvlar kiritib tayyorlangan dalolatnomalarga asosan, auksion savdolari o‘tkazmasdan, yer ajratish to‘g‘risida noqonuniy qarorlar qabul qilish orqali talon-toroj qilingani aytilmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2022 yil 20 oktyabrdagi ajrimiga ko‘ra, viloyat prokuraturasi tomonidan kiritilgan qamoqqa olish tarzidagi iltimosnoma rad etilib, uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llagan.

“Sudning mazkur ajrimiga nisbatan Qarshi shahar prokurori tomonidan viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasiga apellyatsiya tartibida protest keltirildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining yakuniy to‘xtamidan keyin jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha ravishda tegishli munosabat bildiriladi”, – deyiladi Qashqadaryo viloyati prokuraturasi rasmiy axborotida.

Jamshid Fozilov qamoqqa olingani haqida 2022 yil aprel oyida ham xabarlar tarqalgan, lekin o‘shanda Qashqadaryo viloyati prokuraturasi buni rad etgan edi. O‘shanda yer sotish jinoyatlari bo‘yicha Qarshi shahar kadastr va qurilish bo‘limlari hamda shahar hokimligining sobiq yuristlari – jami 7 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 205, 206, 209, 229-4-moddalari bilan ayblanib, jinoyat ishi sudga yuborilgan, ayblanuvchilar orasida shaharning sobiq va amaldagi hokimlari yo‘qligi aytilgandi.

Eslatib o‘tamiz, kecha Termiz shahri sobiq hokimi qamoqda ekani ma’lum bo‘ldi. Bosh prokuratura qo‘zg‘atgan bu jinoyat ishida qamoqqa olinganlar soni jami 11 nafar. Ular talon-toroj, vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligida ayblanyapti. Zarar miqdori – 35,6 mlrd so‘m.

Mavzuga oid